Turkiy davlatlar tashkiloti Investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi

16:38 09 Noyabr 2022 Iqtisodiyot
1141 0

Bugun Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammiti doirasida aʼzo mamlakatlar iqtisodiyot va savdo vazirlarining 11-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda koʻp tomonlama va keng koʻlamli, turli muhim yoʻnalishlar boʻyicha munosabatlarning bugungi holati muhokama qilindi, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va logistika sohasidagi sheriklikni jadallashtirishga qaratilgan navbatdagi tadbirlar belgilab olindi.

Uchrashuvda investitsiyaviy hamkorlik istiqboli alohida koʻrib chiqildi. Yirik qoʻshma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish va amalga oshirish uchun mustahkam asos boʻladigan Turkiy davlatlar tashkiloti Investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi Bitimni imzolashni tezlashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Davlat rahbarlarining birinchi sammiti doirasida imzolanishi rejalashtirilgan “Savdoga koʻmaklashish strategiyasi” doirasida faol chora-tadbirlar ishlab chiqishga tayyorlik bildirildi.

Taʼkidlash kerakki, vazirlar muloqotining bir qismi tashkilot doirasidagi 2022-2026-yillarga moʻljallangan strategiyani muhokama qilishga bagʻishlandi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va xavfsizlik sohalarini rivojlantirishni qamrab oluvchi dasturiy hujjat ijrosini taʼminlash boʻyicha kelishuvga ham erishildi.

Uchrashuv yakuniga oid brifingda TDT Bosh kotibi Bagʻdod Amreyev yigʻilishda koʻtarilgan masalalar, muhokama etilgan loyihalar va kelgusi rejalarga batafsil toʻxtaldi.

— TDTga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi izchil hamkorlikni yanada mustahkamlash, ayniqsa, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish maqsadida Qozogʻiston Prezidenti tashabbusi bilan Turkiston shahrida Maxsus iqtisodiy zona tashkil etish rejalashtirilyapti, — dedi Bogʻdod Amreyev. — Mazkur loyihaning amalga oshirilishi, barcha turkiy davlatlar qatori, ayniqsa, sizning respublikangiz uchun juda foydali boʻlib, muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, Qozogʻiston janubida joylashgan Turkiston viloyati Oʻzbekistonga juda yaqin, shimol tomondan chegaradosh hudud.
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер