Turkiy davlatlar sammitda sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish borasida muhim tashabbuslar ilgari surildi
Joriy yilning 12-noyabr kuni Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammiti boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish hozirgi kunning eng dolzarb masalalaridan biri ekanligini taʼkidlab, Kengashga aʼzo mamlakatlarda mavjud boʻlgan ixtisoslashgan tashkilotlar negizida «Injiniring va texnologiyalar markazlari»ni tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Shu bilan birga, mazkur tashabbus doirasida 2022-yil Oʻzbekistonda “Turkiy davlatlar sanoat haftaligi”ni oʻtkazishni taklif etildi.
Taʼkidlash kerakki, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo mamlakatlar bilan sanoat kooperatsiyasini kengaytirish Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun bir qator yangi imkoniyatlar yaratadi.
Birinchidan, tashkilotga aʼzo mamlakatlarda mavjud texnologiyalardan hamkorlikda foydalanish va oʻzaro bilim hamda tajriba almashish imkoniyatlari kengayadi. Bu oʻrinda kooperatsion aloqalarni chuqurlashtirish ilmiy texnika va tajriba konstruktorlik ishlanmalaridan yanada samarali tarzda foydalanish uchun sharoit yaratadi.
Ikkinchidan, milliy iqtisodiyotda raqobatbardoshlik darajasi ortadi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish borasida davlatlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, miqyos samarasidan toʻlaqonli foydalanish va iqtisodiyotga zamonaviy tehnologiyalarni keng jalb qilish hisobiga milliy mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi.
Uchinchidan, yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Mazkur jihat har bir mamlakat iqtisodiyoti uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki ishsizlik darajasining oʻsishi yalpi ichki mahsulot hajmining qisqarishiga va iqtisodiy taraqqiyotning sekinlashuviga sabab boʻladi.
Toʻrtinchidan, Kengashga aʼzo mamlakatlar iqtisodiyotida mavjud va foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solishga zamin yaratiladi. Taʼkidlash zarurki, Oʻzbekiston yengil sanoat, turizm, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalarda ulkan imkoniyatlarga ega. Bu yoʻnalishlarda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo mamlakatlar bilan kooperatsion aloqalarni kengaytirish esa iqtisodiy taraqqiyotimizga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Beshinchidan, eksport hajmi ortadi. Xususan, kooperatsion aloqalarning rivojlanishi davlatlar oʻrtasidagi savdo aloqalarining jadallashuviga sabab boʻladi.
Bu oʻrinda, hamkorlikda injiniring va texnologiyalar markazlarini tashkil etish texnologik taraqqiyotni jadallashtirish, innovatsion va hozirgi zamon talablariga javob beradigan ishlanmalarni yaratish mazkur yoʻnalishlardagi imkoniyatlarni birlashtirish nuqtayi nazaridan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda Turkiy davlatlar sanoat haftaligini oʻtkazish esa ushbu tashabbuslarni amalga oshirish uchun muhim qadam hisoblanadi.
Azimbek NAJIMOV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring