Turizm sohasidagi innovatsion loyihalar tanlovi gʻoliblari taqdirlandi
Oʻzbekiston Prezidentining 2020-yil 28-maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ bilan hamkorlikda “ Tourism. The path to innovation” tanlovi yakuniy bosqichga yetkazildi.
Yaqinda ushbu tanlov gʻoliblari mukofotlandi.
Taʼkidlash joizki, turizm sohasidagi startap-loyihalar va innovatsion biznes gʻoyalarni, shu jumladan, birinchi navbatda sayyohlar uchun qulayliklar yaratishga yoʻnaltirilgan axborot dasturlari va xizmatlarini umumiy 1,5 milliard soʻm miqdorida qisman subsidiyalash belgilangan.
Tanlov maxsus komissiyasi xulosasiga muvofiq, “ Tourism. The path to innovation” tanlovga taqdim etilgan startap-loyihalar orasidan 7 loyiha qoʻllab-quvvatlash maqsadida saralab olindi. Quyidagilar pul mukofotlari sertifikatlari bilan taqdirlandi:
1. “Travelcars.Online” - 150,0 mln soʻm;
2. “Yulda.uz” - 100,0 mln soʻm;
3. “Uzbekistan For Kids” - 50,0 mln soʻm;
4. “Oʼzbek milliy taomlari tayyorlanishi” - 40,0 mln soʻm;
5. “Guide Me” - 150,0 mln soʻm;
6. “Travel-job.uz” - 80,0 mln soʻm;
7. “Cooking Studio Said Mahalla” - 130,0 mln soʻm.
Tanlovni oʻtkazish toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq, startap-loyiha tashabbuskorlaridan hujjatlar 2020-yilning oktyabr-noyabr oylarida qabul qilinib, ularning umumiy soni 217 tani tashkil qilgan.
Tanlov komissiyasi Ishchi organi tomonidan tanlov talablari va loyihaning turizm sohasiga taalluqli ekanligi inobatga olingan holda, 101 loyiha saralab olingan hamda 2021-yilning yanvar oyida 18 loyiha tanlovning yakuniy bosqichida ishtirok etgan. Gʻolib deb topilgan startap-loyihalarni qisman moliyalashtirish uchun 700,0 mln. soʻm miqdorida mablagʻ ajratildi va Qoʻmita hamda Vazirlik tomonidan startap-loyiha tashabbuskorlarini taqdirlash ishlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, startap-loyihalar tashabbuskorlari uchun “Tourism. The path to innovation” tanlovi doirasida yangidan tanlov eʼlon qilinishi va Nizomda belgilangan talablar asosida 800,0 mln. soʻm mablagʻ miqdorida loyihalar moliyalashtirilishi rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring