Turizm fidoiylari endi har yili taqdirlanadi

19:37 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
1113 0

Bu yil ilk bor oʻtkazilgan “Turizm fidoiysi” koʻkrak nishoni taqdirlash marosimi Hilton Tashkent city mehmonxonasida oʻzgacha shukuhda oʻtkazildi. Tantanali tadbir avvalida mukofot egalarining qizgʻin mehnat jarayonlari aks ettirilgan video roliklar namoyish etildi.

Berilgan maʼlumotlarga koʻra, ushbu mukofot bilan taqdirlash uchun nomzodlarni tanlashda maxsus komissiya koʻplab jihatlarni, xususan, chet ellarda Oʻzbekistonning ijobiy imijini shakllantirish va keng auditoriya orasida mamlakatimiz turistik salohiyatini targʻib qilish, zamonaviy turistik mahsulotlar va xizmatlarni innovatsion yechimlarini yaratish boʻyicha samarali faoliyat, yetakchi xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekistonning turistik salohiyatini ommalashtirilgan materiallarning soni va mashhurligi, sayyohlarga koʻrsatiladigan xizmatlar turini kengaytirish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish boʻyicha harakatlar, madaniy meros obyektlarini saqlash, rivojlantirish va ommalashtirishda faol ishtirok etish, turizm va xizmat koʻrsatish uchun malakali kadrlarni tayyorlash, shogird-ustoz anʼanalarini joriy etish boʻyicha koʻp yillik tajriba, mahalliy va xalqaro grant loyihalarida faol ishtirok etish, turizm sohasini rivojlantirish istiqbollari va mavjud muammolarini chuqur ilmiy tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan takliflarni, yangiliklarni va ishlarni amalga oshirish kabi koʻplab yutuqlar hisobga olingan.

Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov ushbu taqdirlash marosimi kelgusida anʼanaviy tarzda davomli oʻtkazilishini, shu bilan birga, pandemiya davridan soʻng Oʻzbekistonda ichki turizm yana oyoqqa turib olishi uchun bugun mustahkam poydevor yaratib borilayotgani, xususan, chekka hududlarda, choʻl va togʻli joylarda ham ish oʻrinlarini yaratish uchun tayyorgarliklar koʻrilayotganini alohida eʼtirof etdi.

Taqdirlash marosimida davlat organlari, jamoat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari xodimlari, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Oʻzbekistonda turizm sohasini rivojlantirish va ommalashtirishga munosib hissa qoʻshgan xorijdagi vatandoshlar kabi 20 nafar fidoiylar xizmatlari va faol targʻibot ishlari uchun “Turizm fidoiysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadi.

Sovrin laureatlariga bir martalik pul mukofoti bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida taqdim etildi. Koʻkrak nishoni Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rahbariyati tomonidan topshirildi.

— Bugungi taqdirlash marosimida fidoiy deb eʼtirof etilganimizni oʻzi bizga katta kuch bagʻishladi, ruhlantirdi. Buning uchun hukumatimizdan cheksiz minnatdormiz. Bu yuksak ishonch mukofotdan keyin hammamizni birdamlikda yana-da salmoqli ishlashga undaydi,  — deydi “MUINAK TOUR” MCHJ direktori Amina Bekjanova.

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер