Tuhmat qilganligi uchun besh yilda 11,5 mingdan ziyod shaxs javobgarlikka tortilgan
Foto: Arxiv surat
Har bir shaxs Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqalarning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart. Fuqarolar oʻz huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasligi lozim.
Ammo keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda ochiqdan-ochiq yoki turli yashirin sahifalar, guruhlar orqali shaxslarning qadr-qimmatini kamsitish orqali haqorat qilish va uni sharmanda qilishga qaratilgan holatlar koʻpayib bormoqda.
Jumladan, tuhmat qilganligi uchun 2018–2022-yillarda 11,5 mingdan ziyod shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Ayni shu davrda OAV yoki internet orqali ushbu jinoyatni sodir etgan 28 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
OAV va internet tarmogʻida haqorat qilish orqali jinoyatini sodir etganligi uchun 2020-yilda 16, 2021-yilda 31, 2022-yilda 58 nafar shaxs sud tomonidan aybdor deb topilib, tegishli javobgarlikka tortilgan.
Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan yolgʻon axborotni tarqatganlik uchun 2021-2022-yillarda 159 kishi maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Adliya vazirligi mazkur holatlarning amaldagi qonunlar bilan taqiqlanganini yana bir bor eslatdi.
Fuqarolarning huquq va erkinliklariga daxl qiluvchi xatti-harakatlar, yaʼni tuhmat, haqorat qilish, shaxsning sirini oshkor etish, shaxsga doir maʼlumotlarni noqonuniy tarqatish, yolgʻon axborot tarqatish maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.
Fuqarolik qonunchiligiga binoan, fuqarolar oʻzlari toʻgʻrisidagi haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan axborot yuzasidan sud orqali raddiya talab qilish, shuningdek, oʻzlariga yetkazilgan zarar va maʼnaviy ziyonning oʻrnini qoplashni talab qilish huquqiga ega.
Qonunchiligimizda aybsizlik prezumpsiyasi mustahkamlangan boʻlib, birorta jinoyat sodir etgan shaxsning xatti-harakatlari sudda, oshkora koʻrilib, sud tomonidan uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor emas.
Jinoyat ishini yuritish doirasida olib borilayotgan tergov harakatlarida aniqlangan holatlarni oshkor qilganlik uchun mansabdor shaxsga ham fuqarolarga ham javobgarlik belgilangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring