Tuberkulyozdan oʻlim koʻrsatkichi nega oshdi? JSST bunga izoh berdi
Foto: Illustrativ surat
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hisobotiga koʻra, qariyb yigirma yillik pasayishdan soʻng Yevropada yana sil kasalligidan oʻlim koʻrsatkichlari oshgan.
Xususan, 2021-yilda 27,3 ming kishi ushbu xastalik qurboniga aylangan. Bu undan avvalgi yilga nisbatan 3 mingta koʻp koʻrsatkichdir.
Ekspertlar fikricha, bu — koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq omil. Chunki oʻsha davrda shifoxonalarning asosiy resurslari СOVID-19 diagnostikasi va muolajasiga yoʻnaltirildi. Oqibatda silni tashxislash jarayoni bir muncha kechikdi.
Qolaversa, 2021-yilda sil kasalligining rifampitsin preparatiga chidamli turi 3 foiz oʻsishi kuzatilgan.
Umuman, 2021-yili Yer yuzida 10,6 million nafarga yaqin kishi ushbu xastalikka chalingan. Bu 2020-yilga nisbatan 4,5 foizga koʻpdir. Eng yomoni, tuberkulyoz oqibatida 1,6 million nafar bemor hayotdan koʻz yumgan.
Eslatib oʻtamiz, sil erta bosqichda aniqlanmasa, bemor yil davomida 10-15 kishiga bu xavfli infeksiyani yuqtirishi mumkin. Shu sababli JSST 2035-yilgacha tuberkulyozdan oʻlim koʻrsatkichlarini 95 foizga kamaytirishga doir strategik maqsadni qabul qilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring