Tramp Saudiya Arabistoniga tashrif buyuradi
Foto: Reuters
AQSH prezidenti Donald Tramp may oyi oʻrtalarida Saudiya Arabistoniga tashrif buyuradi. Bu haqda “Reuters” oʻz manbalariga tayanib xabar berdi. Qayd etish joizki, bu Trampning qayta saylanganidan keyingi ilk xorijiy safari boʻlishi mumkin.
“Maqsad — may oyining oʻrtalarida [tashrifni tashkil etish]”, deydi agentlik manbalaridan biri, anonimlik sharti bilan.
Oq uyning ismini oshkor etmagan rasmiysi, oʻz navbatida, “prezidentning chet elga safar qilish imkoniyati koʻrib chiqilayotganini” aytdi, biroq hozircha aniq rejalar yoʻq.
“Axios” ham oldinroq Donald Trampning may oyi oʻrtalarida Saudiya Arabistoniga ehtimoliy safari haqida yozgan edi.
Tramp prezidentligining birinchi muddatida ham ilk xorijiy safar uchun Saudiya Arabistonini tanlagandi.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtamiz, Saudiya Arabistoni shu kunlarda AQSHning Ukrainadagi mojaroni tugatish boʻyicha Rossiya va Ukraina bilan muzokaralari markaziga aylangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring