Tramp Saudiya Arabistonida Salmon bilan nimalar haqida gaplashdi?
Foto: AP
Kecha AQSH prezidenti Donald Tramp rasmiy tashrif bilan Saudiya Arabistoniga kelgandi. Bu uning qayta saylanganidan keyingi ilk xorijiy safari hisoblanadi.
Ommaviy axborot vositalari xabarlariga qaraganda tashrif davomida asosiy eʼtibor mintaqaviy xavfsizlik masalalariga emas, balki iqtisodiy kelishuvlarga qaratiladi.
Oq uy rahbari Ar-Riyoddagi Qirollik saroyida Valiahd Shahzoda Muhammad ibn Salmon tomonidan iliq kutib olindi. Uchrashuvda anʼanaviy Arab qahvasi taqdim etildi. Muloqot avvalida Tramp “Menimcha, biz bir-birimizga juda yoqamiz”, degan.
Shundan soʻng tomonlar biznes va harbiy bitimlarni imzolashgan. Amerika delegatsiyasida moliyaviy elita vakillari, jumladan, “Blackstone Group” rahbari Stiven Shvarsman, “BlackRock” bosh direktori Larri Fink va “Tesla” hamda “SpaceX” rahbari Ilon Mask boʻlgan. Avvalroq, Salmon AQSHga 600 milliard dollarlik sarmoya kiritganini eʼlon qilgan edi. Oʻshanda Tramp trillion dollarlik kelishuv bundan-da yaxshi boʻlishini aytib hazillashgan. Koʻrinib turibdiki, ikki davlat ishbilarmonlik aloqalarini kuchaytirmoqchi. Tramp Yaqin Sharq haqidagi tasavvurini “Xaos oʻrniga tijorat” deya taʼrifladi.
Trampning ushbu uchrashuvdagi eng muhim bayonotlaridan biri Suriyadagi yangi rejimga qarshi sanksiyalarning bekor qilinishini eʼlon qilishi boʻldi. Unga koʻra, bu Suriyaga buyuk qilish imkonini beradi.
Shuningdek, u Arab mamlakatlarining Isroil bilan munosabatlarini normallashtirish va Gʻazodagi urushni tugatish ustida ishlashni davom ettirish niyatida. Shu qatorda Yamandagi Husiylarga qarshi kurash Trampning Yaqin Sharq safari kun tartibida ekani maʼlum qilingan.
AQSH rahbari 13-16-may kunlari Yaqin Sharq davlatlari — Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklarida boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, Tramp oʻzining avvalgi prezidentlik muddatidagi ilk xorijiy safarni ham Saudiya Arabistoniga amalga oshirgandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring