Tramp maʼmuriyati Isroilning Gʻarbiy sohilda nazoratni kuchaytirish rejasiga qarshi pozitsiya bildirdi
Foto: AP
Isroilning Gʻarbiy sohilda nazoratni kuchaytirishga qaratilgan yangi rejalari eʼlon qilinganidan soʻng Oq uy vakili AQSH prezidenti Donald Tramp ushbu hudud anneksiya qilinishga qarshi ekanini yana bir bor taʼkidladi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
8-fevral, yakshanba kuni eʼlon qilingan chora-tadbirlar isroilliklarga Gʻarbiy sohilda yerni toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olishga ruxsat berish, shuningdek, Falastin maʼmuriyati nazoratidagi ayrim hududlarda Isroil taʼsirini kengaytirishni nazarda tutadi. Qoidalar Isroil xavfsizlik kabineti tomonidan maʼqullangan boʻlib, qoʻshimcha tasdiqni talab etmaydi.
Kecha, 9-fevral kuni Oq uy vakili “barqaror Gʻarbiy sohil Isroil xavfsizligiga xizmat qiladi va mintaqada tinchlikka erishish maqsadiga mos keladi”, deya taʼkidladi. Hozirda Gʻarbiy sohilda xalqaro huquqqa koʻra noqonuniy hisoblanadigan aholi punktlarida 500 mingdan ortiq isroillik, shu bilan birga taxminan 3 million falastinlik yashaydi. Buyuk Britaniya Isroilni qarorni bekor qilishga chaqirib, bir tomonlama geografik yoki demografik oʻzgarishlar xalqaro huquqqa zid ekanini bildirdi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish oʻzgarishlardan “jiddiy tashvish” bildirib, ular ikki davlatli yechim istiqbolini susaytirayotganini aytdi. Saudiya Arabistoni, BAA, Iordaniya, Qatar, Indoneziya, Pokiston, Misr va Turkiya qoʻshma bayonot bilan Isroilning “noqonuniy qaror va choralarini” keskin qoraladi. Isroil moliya vaziri Bezalel Smotrich esa bu qadamlar “Isroil yeridagi ildizlarni chuqurlashtirish va Falastin davlati gʻoyasini yoʻqqa chiqarish”ga qaratilganini bildirdi.
Qabul qilingan qarorlar orasida 1967-yilgacha Iordaniya nazorati davrida joriy etilgan yer reyestrlarini maxfiy saqlash qoidasini bekor qilish, shu orqali yahudiylar uchun yer sotib olishni yengillashtirish, Xebrondagi qurilish ruxsatnomalarini Falastin maʼmuriyatidan Isroilga oʻtkazish hamda Baytlahm yaqinidagi Rohil qabri va Xebrondagi Patriarxlar gʻori kabi muqaddas joylar ustidan nazoratni kuchaytirish rejalari bor.
Falastin rahbariyati esa buni “Gʻarbiy sohilni anneksiya qilishga qaratilgan urinishlarni chuqurlashtirish” deb baholadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring