Tramp Eron bilan kelishuvga erishishning yagona yoʻlini maʼlum qildi
AQSH Prezidenti Donald Tramp agar Islom Respublikasi yadroviy ambitsiyalaridan voz kechmasa, Eron bilan kelishuv amalga oshmasligini maʼlum qildi. Uning soʻzlaridan RIA Novosti iqtibos keltirmoqda.
Oval kabinet yaqinida jurnalistlar bilan muloqot qilish chogʻida Amerika yetakchisi Eronda yadro quroli borligi masalasi Islomoboddagi (Pokiston) muzokaralar toʻxtab qolishining bosh omili boʻlganini taʼkidladi.
“Oʻylaymanki, ular bunga rozi boʻlishadi. Bunga deyarli ishonchim komil. Toʻgʻrisini aytsam, bunga aminman. Agar ular rozi boʻlishmasa, kelishuv boʻlmaydi. Eronda yadro quroli boʻlmaydi”, — dedi respublikachi.
Eslatib oʻtamiz, 28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlagan edi.
Amerika yetakchisi Donald Tramp 7-aprel kuni Eron bilan ikki haftalik oʻzaro oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvini eʼlon qilgandi.
Oʻtgan dam olish kunlari Islomobodda Eron va AQSH oʻrtasida bir necha bosqichli muzokaralar boʻlib oʻtdi. Bir qator ziddiyatlar tufayli tomonlar nizoni uzoq muddatli hal etish masalasida kelishuvga erisha olmadilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring