Tojikistonlik ijodkorlar – Rishtonda

14:11 02 Noyabr 2022 Jamiyat
788 0

Foto: Xalq so‘zi

Tojikistonning Soʻgʻd viloyatidan bir guruh shoir va yozuvchilar soʻlim Fargʻonaning Rishton tumanida mehmon boʻlishdi.

Tashrif doirasida Rishton tumanida faoliyat koʻrsatuvchi “Oʻzbek-tojik” doʻstlik jamiyati markazida katta tantana tashkil etilib, keyingi yillarda ikki xalq madaniy aloqalari tobora rivojlanib borayotgani alohida eʼtirof etildi.

— Qoʻshni Tojikiston bilan Oʻzbekistonni umumiy tarix, uzviy maʼnaviy qadriyatlar bogʻlab turadi, — dedi Rishton tumani hokimi Subhonjon Soliyev. — Ikki qardosh xalq azaldan bir daryodan suv ichadi. Bugungi kunda azaliy qoʻshnilik va oʻzaro hurmat anʼanalari davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarda mustahkam asos boʻlib xizmat qilyapti.

Shu kuni Tojikiston delegatsiyasi vakillari usta-kulol Ravshan Tojiddinov boshchiligidagi «R+Koron» korxonasiga qarashli uy-muzeyga tashrif buyurishdi. Muzeyda joylashgan keng turdagi bir-birini takrorlamas sanʼat asarlari tojikistonlik mehmonlarni lol qoldirdi.

“Xalqaro kulollar markazi”da tuman hunarmandlari uchun yaratib berilayotgan sharoitlar ham qoʻshni mamlakat ijodkorlariga juda manzur boʻldi.

Tadbirlar doirasida tuman Madaniyat uyida Soʻgʻd viloyati va rishtonlik ijodkorlar oʻrtasida “Ganji suxan – Soʻz xazinasi” nomli ilmiy-adabiy uchrashuv oʻtkazildi. Unda bedilshunos olim Nurali Nurov, shoira GulnozTohiriyon, Tojikistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakili Shahboz Shoyev hamda Rishton tumanida istiqomat qiluvchi shoir va yozuvchilar ishtirok etdi.

— Bugungi shirin diydor barchamizga bir olam zavq, ilhom bagʻishladi, —deydi soʻgʻdlik shoira Gulnoz Tohiriyon. — Bu kabi adabiy muloqotlar tez-tez oʻtkazilib turishi foydadan xoli boʻlmaydi, albatta. Ishonamizki, ikki xalq ijodkorlarining adabiy gurunglari bardavom boʻladi.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер