Toshloqlik fermerlar har gektar yerdan 50 sentnerdan paxta hosili olmoqda

19:00 07 Oktyabr 2023 Jamiyat
694 0

Qishloq xoʻjaligi, xususan, paxtachilik tarmogʻiga ilm-fan yutuqlari, innovatsiyalar keng tatbiq etilayotgani samarasi sifatida keyingi yillarda ushbu yoʻnalishda yutuqlar koʻlami hamda daromad salmogʻi yildan-yilga yaxshilanib bormoqda.

Toshloq tumanida joriy dehqonchilik yilida 4800 gektar maydonda paxta yetishtirildi. “Ekspo kolor prin teks” MCHJ klaster korxonasi va tumandagi 166 ta paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari oʻrtasida 18 ming 200 tonna muhim sanoat xom ashyosi yetishtirish boʻyicha shartnoma imzolandi.

Shu maqsadda oliy taʼlim muassasalari olimlari, sohada koʻp yillik tajribaga ega mirishkorlar bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, serhosil va ertapishar navlarni koʻpaytirish, tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini keng joriy etish, mineral va mahalliy oʻgʻitlardan foydalanish, hashoratlarga qarshi biologik usullarni qoʻllashda ilmiy yondashuv yoʻlga qoʻyildi. Natijada barcha agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli bajarildi. Klaster korxonasi tomonidan buning uchun zarur boʻladigan moddiy resurslar uzluksiz yetkazib berildi.

Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga qaraganda, bu yil tumanda paxta hosildorligi oʻrtacha 5-7 sentnerga oshdi. “Boymat Shermatov saxovati”, “Durdona baraka”, “Besarang gulshani”, “Muqaddas” kabi oʻnlab fermer xoʻjaliklarida birinchi terimning oʻzida 45-50 sentnerdan hosil yigʻib olindi.

— Yangi tajriba sifatida bu yil gʻoʻza koʻchatlari qalinroq qoldirildi, yaʼni, koʻchat qalin boʻlsa, hosildorlik pasayib ketadi, degan eskicha qarashdan voz kechildi, — deydi “Asadbek Qobiljon” fermer xoʻjaligi rahbari Qobiljon Qambarov. — Natijada mavsumning oʻtgan davrida 28 gektar yerda parvarishlangan paxtaning har gektaridan 50 sentnerdan hosil yigʻishtirib olishga muvaffaq boʻldik. Fermer xoʻjaligimizning birgina paxtachilik sohasidan oladigan daromadi oʻtgan yillarga qaraganda ikki hissa ortishi kutilmoqda.

Taʼkidlash oʻrinli, toshloqlik fermerlarning paxta xirmoni shu kungacha 16,5 ming tonnadan (shartnoma rejasiga nisbatan qariyb 92 foiz) oshdi. Ayni paytda yigʻim-terim mavsumi yumushlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.    

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер