Toshkentdagi tungi klubda bir necha kishini kaltaklagan shaxs Qozogʻistonda ushlandi
Videodan kadr
Toshkentdagi tungi klubda sherigini himoya qilishga uringan erkak ayovsiz kaltaklanishi oqibatida komaga tushib qolgani haqida xabar berilgan edi. Uni urib tan jarohati yetkazgan erkak qoʻshni Qozogʻistonda qoʻlga olindi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Yakkasaroy tumanida sodir etilgan jinoyat boʻyicha olib borilgan tergov harakatlari davomida 1995-yilda tugʻilgan Akmal Shukurov tergovdan qochib yashiringani sababli unga nisbatan sirtdan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) va 104-moddasi (qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) bilan ayb eʼlon qilinib qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida u Qozogʻistonda ushlangan.
“Hozirda uni Toshkent shahriga ekstraditsiya qilish choralari koʻrilmoqda”, deyiladi IIBB xabarida.
Мushtlashuv joriy yilning 16-mart kuni tungi soat 02:30 larda Yakkasaroy tumanida joylashgan restoranlardan birida yuz bergan. Unda 30 yoshli A.Sh. oʻzining 40 yoshli tanishi X.A. bilan tortishib qolib, oʻzaro janjallashgan. Bu vaqtda 35 yashar B.A. ularni ajratishga harakat qilgan, biroq A.Sh. uni urib, tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda B.A. “bosh miya jarohati, oʻng yuzidan lunji yirtilgan jarohati va spirtdan zaharlanish” tashxisi bilan shifoxonaga olib borilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring