Ibn Sino nomidagi 1-sonli Toshkent shahar klinik shifoxonasida juda koʻp miqdordagi byudjet mablagʻlari talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Bildirilishicha, agentlik va SSV tomonidan sogʻliqni saqlash tizimida «Korrupsiyasiz soha» loyihasi ijrosi yuzasidan Ibn Sino nomidagi 1-sonli Toshkent shahar klinik shifoxonasida byudjet mablagʻlaridan foydalanish va tizimdagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish masalalari boʻyicha oʻrganish oʻtkazilgan.
Oʻrganish davomida tibbiyot muassasasida byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish va talon-toroj qilish, amalda bajarilmagan ishlar uchun oylik ish haqi toʻlanishi, tibbiy jihozlardagi kamomad, davlat xaridlari jarayonlari bilan bogʻliq qator qonunbuzilishi holatlari aniqlangan.
«Xususan, tashkilot mansabdor shaxslari oʻzaro jinoiy til biriktirgan holda shifoxonada amalda bir qator lavozimlar mavjud boʻlsada, boshqa fuqarolar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzgan va amalda biror-bir bajarilmagan ish uchun ularga doimiy ravishda oylik ish haqi toʻlab kelingan. Natijada juda koʻp miqdordagi byudjet mablagʻlari talon-toroj qilingan», deyiladi agentlik xabarida.
Qoʻshimcha qilinishicha, agentlik taqdim etgan hujjatlar asosida prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring