Toshkentdagi bogʻchada 5 yoshli bola 2-qavatdan tushib ketdi
Illyustrativ foto
Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtning Chilonzor tumanidagi bogʻchada 5 yoshli bola 2 qavatdan tushib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, voqea joriy yilning 30-iyun kuni taxminan soat 9:45 larda Chilonzor tumanidagi 7-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida roʻy bergan. Muassasada tarbiyalanuvchi R.I. nazoratsizlik oqibatida ikkinchi qavat zinasidan yiqilib tushgan. Tashkilot hamshirasi bundan xabar topishi bilan tarbiyalanuvchiga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatgan va 16-sonli shahar shifoxonasi bolalar boʻlimiga olib borgan.
Aniqlanishicha, bolaga “ikki qoʻl bilak sohasi sinishi, burun suyak sohasi sinishi, yuqori jagʻ kurak tishlarining aliyonlari osigʻining sinishi” tashxisi qoʻyilgan. Dastlab uning ahvoli ogʻir boʻlgani sabab jonlantirish boʻlimiga joylashtirishgani, holati yaxshilanganidan soʻng esa jonlantirish boʻlimidan chiqarilgan.
Hozirda mazkur holat boʻyicha Chilonzor tuman IIO FMB xodimlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring