Toshkentdagi ayrim avtobus yoʻnalishlariga oʻzgartirish kiritildi
Toshkent shahar transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshligʻining tegishli buyrugʻi bilan poytaxtdagi ayrim avtobus yoʻnalishlariga oʻzgartirish kiritildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 28-mart sanasidan boshlab amaldagi 190-sonli “Yangibozor ASHB — Mashinasozlar metrosi” yoʻnalishi Yangi Oʻzbekiston koʻchasi orqali Yangi Toshkent bekatigacha bir tomonlama harakat qiladi. Soʻng oʻzining avvalgi yoʻnalishi boʻylab harakatni davom ettiradi.
Buyruq bilan 137-sonli avtobus yoʻnalishi endi Istiqbol mahallasi bekatidan Parkent yoʻli koʻchasi orqali Yangi Toshkent bekatigacha ikki tomonlama harakat qiladi. “Istiqbol mahallasi — Qoʻshqoʻrgʻon mahallasi” yoʻnalishi nomi “Yangi Toshkent bekati — Qoʻshqoʻrgʻon mahallasi” deb oʻzgartiriladi.
Shuningdek, yangi 197-sonli “Oʻzbekiston mehmonxonasi bekati — Yangi Toshkent bekati” yoʻnalishi tashkil etiladi. Ushbu yoʻnalish Maxtumquli va Yangi Oʻzbekiston yoʻli koʻchalari orqali harakatlanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring