Toshkentda jamoat transporti uchun yoʻlkira narxi qimmatlashishi kutilmoqda
Poytaxtning jamoat transporti yoʻnalishlarida 2025-yil 1-yanvardan naqd pul shaklidagi yoʻlkira narxi oshishi kutilmoqda. Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqovning tegishli qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Qaror bilan 2025-yil 1-yanvardan Toshkent shahrining jamoat transporti yoʻnalishlarida (avtobus va metropoliten) qatnovlarni amalga oshirish uchun yoʻlkira haqining quyidagi cheklangan tariflari belgilanmoqda:
- bir yoʻlovchi qatnovi uchun cheklangan tarif – 3 ming soʻm (hozir 2 ming soʻm). Bunda, bir yoʻlovchi qatnovi uchun bir martalik toʻlovni elektron toʻlov tizimi orqali amalga oshirilganda ragʻbatlantiruvchi chegirma qoʻllanilgan holda – 1700 soʻm undiriladi;
- bir yoʻlovchining bagajini tashish boʻyicha xizmat uchun – 4 ming soʻm;
- qatnovlar soniga bogʻliq holda belgilangan tarif rejalarini hisoblash uchun cheklangan tarif – 1600 soʻm.
Qatnovlar soniga bogʻliq holda belgilangan transport kartalarining va transport kartalaridan foydalanilgan holda bir soat ichida bir yoʻnalishli yoʻlovchi transportidan boshqasiga oʻtish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tarif rejalarining narxlari oʻzgarishsiz qoldiriladi.
Qayd qilinishicha, Toshkent shahri yoʻnalishlaridagi barcha avtobuslar salonida yoʻlkira haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechiladi va yoʻlkira haqini faqat elektron tarzda qabul qilish amaliyoti joriy etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring