Toshkentda yana “daraxtkushlik”. Xorijiy korxona 12 tup daraxtni noqonuniy qoʻporib tashlagan
Toshkent shahrida “Milliy bogʻ” xiyoboni yaqinidagi qurilish maydonida 12 tup daraxt noqonuniy kesib tashlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi qoʻmitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherbayev maʼlum qildi.
Uning qayd etishicha, Ozarbayjonning “PD Estatess” MCHJ korxonasiga berilgan yer maydonida moratoriy talablariga zid ravishda 12 tup qimmatbaho daraxt ruxsatnomasiz kesib qoʻporib tashlangan. Hisob-kitoblarga koʻra, buning oqibatida tabiatga 351 million 230 ming soʻm miqdorda zarar yetkazilgan.
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirib, Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan 20-fevral kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanida navbatdagi reyd tadbiri oʻtkazilganini xabar qildi.
Bildirilishicha, reyd davomida Chilonzor tumani “Baynalminal” koʻchasi, 102A-uy manzilida joylashgan “PD Estatess” MCHJga tegishli hududda sogʻlom oʻsish holatida boʻlgan jami 12 tup daraxt, shundan 9 tupi Prezident farmoniga asosan muddatsiz davrga uzaytirilgan moratoriy talablariga zid ravishda, hech qanday tegishli ruxsatnomalarsiz ildiz qismi bilan qoʻporib olingani maʼlum boʻlgan.
Mazkur holat yuzasidan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan hamda tabiatga 351 mln 230 ming soʻm miqdorida zarar yetkazilgani hisoblab chiqilgan.
Bildirilishicha, hozirda toʻplangan hujjatlarni holatga huquqiy baho berilishi uchun Bosh prokuraturaga yuborish choralari koʻrilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring