Toshkentda yana bir OTM ochiladi

12:04 09 Iyun 2020 Hujjatlar
1861 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning “Toshkent shahrida Federal davlat byudjet oliy taʼlim muassasasi “Sankt-Peterburg davlat universiteti” filialini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligining taklifi va 2020-yil 13-martdagi 28-15-91-sonli kelishuvga asosan Toshkent shahrida Oliy taʼlim Federal davlat byudjet taʼlim muassasasi “Sankt-Peterburg davlat universiteti” (SPbDU) (Rossiya Federatsiyasi) filialini tashkil etishga rozilik berilishi mumkin.

Bunda:

a) Filial kadrlarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olgan holda taʼlimning kelishilgan asosiy yoʻnalishlari (mutaxassisliklari) boʻyicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi;

b) Filialda taʼlim Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq, Sankt-Peterburg davlat universiteti tomonidan tasdiqlangan oʻquv reja va dasturlari asosida belgilangan taʼlim standartlariga mos ravishda rus tilida olib boriladi;

v) abituriyentlarni qabul qilish va Filial bitiruvchilarini attestatsiyadan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilangan talablar, tartib va muddatlarda amalga oshiriladi;

g) Filial bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjati sifatida tan olinadigan belgilangan namunadagi Universitet diplomi beriladi;

d) Filial faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi;

ye) Filialga qabul kvotalari Universitet tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga boʻlgan ehtiyojlarini inobatga olgan holda tasdiqlanadi;

j) Filialning davlat grantlari asosida taʼlim olgan bitiruvchilari besh yil muddatdan kam boʻlmagan keyingi majburiy ishlab berish uchun respublika muassasalariga ishga taqsimlanadi;

z) Filial faoliyatini moliyalashtirish:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga talabalarni, biroq Filialga taʼlim olish uchun qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 30 foizidan ortiq boʻlmagan holda, davlat granti asosida oʻqitishga ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;

talabalar taʼlimidan toʻlov-kontrakt asosida tushgan mablagʻlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari va maqsadli badallari;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

i) Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yildagi Filialni taʼminlash uchun byudjet ajratmalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ijtimoiy sohaga xarajatlari miqdorlari tasdiqlangan doirasida ajratiladi, 2021-yildan esa mazkur soha uchun xarajatlarning yillik miqdorlari nazarda tutiladi.;

y) Filial Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Toshkent shahri, Mirobod tumani, M.Oybek koʻchasi, 16-A-uy manzilida joylashgan binosiga tegishli kommunal va foydalanish xarajatlarini qoplagan holda “nol” stavkadagi ijara toʻlovi asosida joylashtiriladi;

k) Toshkent shahridagi Oliy taʼlim Federal davlat byudjet taʼlim muassasasi “Sankt-Peterburg davlat universiteti” (SPbDU) (Rossiya Federatsiyasi) Filialida kadrlar tayyorlash boʻyicha taʼlimning asosiy yoʻnalishlari (mutaxassisliklari) roʻyxatga muvofiq shakllantiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Universitet bilan hamkorlikda Filialning taʼsis hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyati organlari bilan ishlab chiqish va muvofiqlashtirishni, shuningdek, belgilangan tartibda Filialni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Universitet bilan hamkorlikda Rossiya Federatsiyasi hukumatiga belgilangan shartlarda Filialni tashkil qilish haqidagi qarorini qabul qilish boʻyicha murojaat qiladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi davolash-profilaktika muassasalari, shuningdek, farmatsevtika mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqaruvchilari, jumladan, farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalari ishtirokchilari va innovatsion ilmiy va ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri “Tashkent Pharma Park” rezidentlarining Filialning taʼlim dasturlari va hamkorlikdagi ilmiy tadqiqotlarini amalga oshirishda ishtiroklarini taʼminlashi belgilanadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Filialga foydalanish uchun berilgan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash loyihalarini 2021-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturlariga belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlaydi.

Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Filial talabnomasiga binoan, ushbu qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilingan xorijiy professor-oʻqituvchi va maʼmuriy xodimlar (Rossiya Federatsiyasi fuqarosi boʻlmagan), shuningdek, ularning oila aʼzolari uchun belgilangan tartibda kirish vizalarini konsullik va boshqa toʻlovlarni undirmagan holda rasmiylashtirishni taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Filial talabnomasiga binoan Ichki ishlar vazirligiga xorijiy professor-oʻqituvchi va Filial maʼmuriy xodimlari, shuningdek, ularning oila aʼzolari uchun Oʻzbekiston Respublikasida vaqtinchalik yashash joyi boʻyicha vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish va uni uzaytirishni belgilangan tartibda, davlat boji undirmasdan taʼminlash yuklatiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Filial talabnomasiga binoan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Filial faoliyatini tashkillashtirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb etishda belgilangan tartibda ruxsatnomalarni berish (uzaytirish), shuningdek, belgilangan xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqini tasdiqlovchi hujjatlar berilishini (uzaytirilishini) taʼminlash yuklatiladi.

2023-yilning 1-yanvar muddatiga qadar belgilangan tartibda rasmiylashtiriladigan roʻyxat boʻyicha Filialni rekonstruksiya, kapital taʼmirlash, jihozlash va uning faoliyatini taʼminlash uchun olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan oʻquv va ilmiy laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, oʻquv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar, inventarlar, qurilish materiallari va moddiy-texnika resurslari bojxona toʻlovlaridan ozod etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер