Toshkentda uch yigit radarni “jazoladi”
2021-yil 23-aprel kuni Yakkasaroy tumani Kichik Beshyogʻoch va Bobur koʻchalari kesishmasida Toshkent shahar IIBB xodimlari “Spark” (davlat raqami 01 R 114 QA) avtomobilida tezlik tartibini avtomatlashtiriligan tarzda qayd etuvchi moslama oʻrnatilgan ustun oldiga kelib toʻxtagan yigitlarning radarga tosh otayotganlarini koʻrib qolishdi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB.
Tez orada mazkur fuqarolar avtomobillari bilan Yakkasaroy tumani IIO FMBga yetkazildilar. Huquqbuzarlar 22 yoshli Jahongir M. (yuqoridagi avtomobil haydovchisi), 23 yoshli Shavkatjon M. va 23 yoshli Axror Sh. ekanligi aniqlandi.
Suhbat davomida aniqlanishicha, hodisadan bir oz avvalroq Jahongir M. tomonidan 2021-yil 17-aprel kuni sodir etilgan qoidabuzarlik sababli avtomobil egasiga tezlik tartibi buzilgani uchun 1.225.000 soʻmlik jarima kelgani maʼlum boʻldi. Qilmishi uchun tegishli masʼuliyatni boʻyniga olmagan fuqaro oʻrtoqlari bilan birga radardan “alamlarini olishga” qaror qilishgan.
Mazkur fakt asosida Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 183 moddasi (“Mayda bezorilik”) boʻyicha bayonnoma rasmiylashtirildi. Jazo toʻgʻrisidagi hukm sud tomonidan chiqariladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring