Toshkentda “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” boshlandi
Joriy yilning 17-avgust kuni “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasining “Ballroom” zalida “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” doirasida I-panel munozarasi boʻlib oʻtdi.
Tadbirning shijoatkor muhiti iqtisodiyotni rivojlantirish, savdo va investitsiyalarni jalb qilishni faollashtirish maqsadida masʼul vazirlik va idoralar rahbarlarini, biznes va xalqaro moliya tashkilotlarining vakillarini muloqot qilishga chorlab turdi.
Maʼlumki, 2021-yildan boshlab 20-avgust mamlakatda “Tadbirkorlar kuni” sifatida nishonlanib kelinadi. Biznes bilan uchrashuvlar anʼanaviy tarzda oʻtkazilmoqda. Har yili ochiq muloqot shaklida eng dolzarb muammolar muhokama qilinadi, tadbirkorlik sohasidagi islohotlarning yangi yoʻnalishlari va noanʼanaviy gʻoyalari ilgari suriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Aziz Voitov oʻz nutqida ishtirokchilarning eʼtiborini mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish boʻyicha olib borilgan ishlar natijalariga qaratdi.
Soʻz pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish, soliq yukini kamaytirish, soliq tizimini soddalashtirish va soliq maʼmurchiligini takomillashtirish, bank-moliya tizimini transformatsiyalash, investorlar uchun qoʻshimcha imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek, Yangi Oʻzbekistonning rivojlanish strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar majmuini amalga oshirish haqida bormoqda.
Panel munozarasi davomida vazirlik va idoralar rahbarlari biznesni boshlashda startaplar va innovatsion gʻoyalarni roʻyobga chiqarishda amaliy yordam koʻrsatish, subsidiyalar berish orqali tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, investitsiyaviy muhitni yaxshilash boʻyicha choralar koʻrish va boshqa shu kabi yoʻnalishlarda olib borilayotgan ishlar haqida soʻzlab berishdi.
Oʻz navbatida, biznes vakillari xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, elektron savdo maydonchalarini va umuman IT-tarmogʻini rivojlantirish uchun mamlakatda yaratilgan imkoniyatlar haqida fikr almashdilar.
Shunday qilib, “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” doirasida oʻtkazilgan birinchi panel munozarasi tadbirkorlarning dolzarb muammolari, ularni hal etish yoʻllarini muhokama qilish hamda Oʻzbekistonda biznes muhitini yaxshilash boʻyicha oʻz gʻoyalari, takliflari va tashabbuslari bilan boʻlishish imkoniyatini beruvchi maydonga aylandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring