Toshkentda psixotrop moddalar savdosi bilan shugʻullangan shaxslar qoʻlga olindi
Toshkent shahri Yangihayot tumanida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangihayot tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan fuqarolar S.S. va D.R. “Spark” rusumli avtomashinasida tarkibida inson ruhiyatiga kuchli taʼsir qiluvchi moddasi boʻlgan 66 dona dori vositasini oʻtkazish maqsadida saqlab kelayotganliklari aniqlanib, ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring