Toshkentda Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni biznes-forumi boʻlib oʻtdi

16:57 23 Dekabr 2022 Siyosat
1043 0

Foto: Халқ сўзи

Joriy yilning 23-dekabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Hilton Tashkent City mehmonxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Saudiya Arabistoni Podshohligi Investitsiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, ikki mamlakatning vazirlik va idoralari hamda 100 dan ortiq yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida delegatsiyalar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil avgust oyidagi Saudiya Arabistoniga tashrifi soʻnggi yillarda ijobiy rivojlanish dinamikasini namoyon etayotgan Oʻzbekiston bilan Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirishga kuchli turtki berganini alohida taʼkidladilar.

Jumladan, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 9 barobarga oshdi.

Investitsiyaviy hamkorlikda ham ijobiy oʻsish dinamikasi kuzatilmoqda – soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekistonda Saudiya Arabistoni kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 5 barobarga oshdi. Saudiya kompaniyalari bilan birgalikda energetika, neft-kimyo, sogʻliqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish, farmatsevtika va qishloq xoʻjaligi sohalarida qiymati 17 milliard dollardan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekistonda iqtisodiyotdagi davlat ulushini qisqartirish va davlat korxonalarini xususiylashtirish, banklarni transformatsiyalash, samarali fond bozorini shakllantirish, ustuvor tarmoqlarda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan islohotlarni davom ettirishga qatʼiy sodiqlik bildirildi.

Tashqi savdo hajmi va geografiyasini kengaytirish uchun ochilayotgan imkoniyatlar, jumladan, mintaqaviy bozorlar va GSP+ imtiyozlari asosida Yevropa Ittifoqi bozorlariga erkin kirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yirik mintaqaviy transport loyihalarini ilgari surish orqali savdo yoʻllarini diversifikatsiya qilish va mamlakatning JSTga kirish boʻyicha saʼy-harakatlari soʻzga olindi.

– Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni boy tabiiy resurslarga, ulkan sanoat salohiyatiga ega. Biz Oʻzbekistonda ham, Saudiya Arabistonida ham yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan qoʻshma korxonalarni tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz, ular kelgusida aholisining umumiy soni 1,4 milliarddan koʻproq potensial isteʼmolchisi boʻlgan mintaqaviy va Yevropa bozorlariga, shuningdek, Katta Arab erkin savdo hududi mamlakatlariga eksport qilinadi, – dedi Jamshid Xodjayev oʻz nutqida.

Oʻz navbatida Saudiya tomoni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning surʼati va samaradorligini, ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni tubdan kengaytirish imkoniyatlarini yuqori baholadi. Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri ikki davlat oʻrtasidagi sarmoyaviy va savdo aloqalarini mustahkamlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish sodiqligini bildirdi va Saudiya Arabistoni tadbirkorlarini oʻzaro manfaatli shartnoma va bitimlar tuzishga chaqirdi.

Neft-gaz va neft-kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat, toʻqimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik, infratuzilma qurilishi va turizm kabi sohalardagi Investitsion hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari belgilab berildi. “B2B” va “G2B” muzokaralarida ishbilarmon doiralarning aloqalarni oʻrnatish va hamkorlikda ishlashga qiziqayotganligi maʼlum boʻldi. Unda tadbirkorlar va investorlar mushtarak manfaatlari kashf etishga va yaqin kelajakda mustahkam kelishuvlarga erishish maqsadida oʻzaro manfaatli yangi tashabbuslarni muhokama qilishga muvaffaq boʻldi.

Forum yakunlari boʻyicha ustuvor tarmoqlarni oʻz ichiga olgan hujjatlar toʻplami imzolandi, ularning amalga oshirilishi Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik koʻlamini sezilarli darajada kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yuqori darajada chiqarish imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер