Toshkentda noqonuniy hujra, Fargʻonada esa bosmaxona fosh qilindi
Videodan kadr
Toshkent va Fargʻona shaharlarida noqonuniy diniy taʼlim berish hamda qonunga xilof ravishda diniy adabiyotlar chop etish holatlari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida yashovchi 32 yoshli shaxs poytaxtning Olmazor tumani “Jiydali” MFYda vaqtincha istiqomat qilayotgan xonadonda 2025-yilning may oyidan buyon 15 nafar bolaga noqonuniy ravishda diniy taʼlim bergani va buning evaziga ularning har biridan 150 dollardan pul olib kelgani aniqlangan.
Maʼlum boʻlishicha, respublikaning turli hududlaridan kelgan, 2004-2014-yillar oraligʻida tugʻilgan bu “ilm izlovchilar”ning 11 nafari voyaga yetmagan boʻlib, ular orasida 3-yildan buyon maktabga bormayotgan oʻquvchi ham bor.
Xuddi shu mahallada ijaraga olingan yana bir xonadonda ham Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida yashovchi, 1977-yilda tugʻilgan shaxs joriy yilning iyun oyidan buyon 10 nafar bolaga noqonuniy diniy taʼlim berib, evaziga har biridan 100 dollar hamda yegulik uchun oziq-ovqat mahsulotlarini talab qilgan.
Huquq tartibot organlari tomonidan xonadonda tekshiruvlar oʻtkazilishi ehtimolini hisobga olib, bolalarni yashirish uchun qoʻlbola yertoʻla qurdirgan. Mazkur yertoʻla, yaʼni “quduq” temir qopqoq bilan yopilib, tosh va qum bilan berkitilgan. Bu bilan bolalarning hayoti xavf ostiga qoldirilgan.
Har ikki holat boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻinida sayyor sud oʻtkazilib, ushbu shaxslar Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 241-moddasi (diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzish) asosida javobgarlikka tortilgan.
Yuqoridagi shaxslar noqonuniy diniy taʼlim berishda maxsus gologrammaga ega boʻlmagan, norasmiy shaklda chop etilgan mavzuga oid adabiyotlar va turli qoʻlyozmalardan foydalangani ham aniqlangan.
Shu oʻrinda bu kabi adabiyot va qoʻlyozmalar oʻzi qayerda chop etilmoqda? degan savol tugʻiladi. Mazkur yoʻnalishda Fargʻona viloyatida olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida diniy mazmundagi shunday materiallar noqonuniy ravishda tayyorlab kelingani fosh boʻlgan.
Buvayda tumanida yashovchi, 1991-yilda tugʻilgan fuqaro yashash xonadoni va oʻziga tegishli umumiy ovqatlanish shoxobchasida bosmaxona tashkil qilib, diniy mazmundagi kitoblarni chop etish bilan shugʻullangan. U mazkur kitoblarni Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi kitob doʻkonlariga yetkazib bergan.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida kelgusida sotish maqsadida tayyorlab qoʻyilgan 1210 dona kitob, 2000 dona yarim tayyor holatga keltirilgan bosma mahsuloti hamda 6 ta chop etish dastgohlari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Ushbu shaxs 2024-yilning iyul oyida muqaddam diniy mazmundagi kitoblarni qonunga xilof ravishda chop etgani uchun jarimaga tortilgan boʻlsada, yana noqonuniy harakatlarini davom ettirgan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring