Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollar muloqoti homiyligida Xalqaro biznes-forum oʻtkaziladi
Joriy yil 15-iyun kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti doirasida “Markaziy Osiyo va Afgʻonistonda barqaror rivojlanish sari xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida xalqaro forum boʻlib oʻtadi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etiladi.
Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston yetakchi va tadbirkor ayollari, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki yuqori darajadagi vakillari va xalqaro ekspertlari ishtirokida tashkil etiladigan tadbir doirasida ishbilarmon ayollar koʻrgazmasi, tematik anjuman va B2B formatida korperatsion birja oʻtkaziladi.
Uchrashuvlarda sanoat, xizmat koʻrsatish, turizm, savdo, qishloq xoʻjaligi, amaliy sanʼat, hunarmandchilik va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha 400 dan ziyod Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afgʻonistonlik tadbirkor ayollar oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama etishi va tegishli kelishuvlarga erishishi koʻzlangan.
Forumda barqaror rivojlanish sohasida Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkor ayollari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” qabul qilinishi ham kutilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring