Toshkentda “Bolalar va yoshlar harakatda — Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi” xalqaro forumi boʻlib oʻtdi
Forum ochilishida “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva yosh ekofaollarga murojaat qilar ekan, shunday dedi:
“Forumning bosh ishtirokchilari — sizlar. Bugun bu yerda sizlarning toza, sogʻlom va barqaror muhit uchun kurashdagi yetakchiligingizni eʼtirof etish maqsadida yigʻildik. Qoʻshnilarimiz bilan birgalikda Samarqand ekologik oromgohi yakunlari boʻyicha ishlab chiqilgan Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda yoshlar va bolalarni iqlim kun tartibiga jalb qilish boʻyicha mintaqaviy strategiyaning imzolanishi yangi kelajak sari tashlangan muhim qadam boʻladi”.

Uzluksiz “yashil” taʼlim va ekologik madaniyatni shakllantirish orqali yoshlar salohiyatini mustahkamlash masalasi UNEP ijrochi direktori Inger Andersen soʻzining muhim mavzusi boʻldi:
“Ekologik taʼlim ulkan ahamiyatga ega. U kelajak avlodlarga shunchaki norozilik vakillari boʻlish emas, balki oʻzgarishlarning drayveriga aylanish uchun zarur koʻnikma va bilimlarni beradi. Niyatimiz — keyingi avlodlar sayyora bilan uygʻun hayot kechirishning yangi va yaxshiroq usullarini orzu qiladigan dadil hukumat yetakchilari, olim va novatorlar boʻlsin”.

UNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis shunday dedi: “Iqlim oʻzgarishi va ekologik taʼlim masalalarining maktab dasturlariga kiritilishi bolalar va yoshlarning oʻzgarib borayotgan iqlimga moslashish koʻnikmalaridan xabardorligini oshirishda muhim qadamdir”.
Forum ishtirokchilari ekotaʼlim mavzusini muhokama qilar ekanlar, oʻquv jarayonida yangi axborot texnologiyalaridan foydalanish muhim ekanini qayd etdi. Markaziy Osiyo ekofaollari iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash boʻyicha siyosat va dasturlarni ishlab chiqishda, koʻrilayotgan choralarni monitoring qilish va ularning borishini baholashda bolalarning ham ishtirok etish huquqi borligini alohida taʼkidladilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring