Toshkentda “Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot” Global harakatlar dasturi doirasida yirik anjuman tashkil etildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning alohida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishning “yashil” usullarini rivojlantirish boʻyicha “Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot” (One Country – One Priority Product – OCOP) Global harakatlar dasturi doirasida Yevropa va Markaziy Osiyoda mamlakat loyihalarini amalga oshirish boʻyicha mintaqaviy seminar boʻlib oʻtdi.
Tadbir FAO tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Yirik forum milliy va xalqaro ekspertlarni, jumladan Albaniya, Armaniston, Gruziya, Qirgʻiziston, Moldova, Serbiya, Tojikiston, Turkiya va Xitoy vakillarini birlashtirdi.
Seminar ishtirokchilarga mazkur Global harakatlar dasturining Yevropa va Markaziy Osiyoda amalga oshirilishi bilan tanishish, mavjud muammolar va imkoniyatlar yuzasidan fikr va tajriba almashish, shuningdek, kelgusidagi harakatlar rejasini oʻzaro kelishib olish imkonini berdi.
2021-yil sentyabr oyida FAO oziq-ovqat xavfsizligi va toʻyib ovqatlanmaslik kabi muammolarni hal qilish, kichik fermerlar va oila xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash va boshqa strategik maqsadlarga erishish uchun alohida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni “yashil” rivojlantirish boʻyicha “Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot” Global harakatlar dasturini boshlagan edi.
Alohida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining barqaror qiymat zanjiri oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanishni taʼminlash, resurslardan yanada samarali foydalanish, fermerlar daromadlarini oshirish, shuningdek, umumiy iqtisodiy oʻsishga hissa qoʻshish, atrof-muhit va bioxilma-xillikni hozirgi va kelajak avlodlar manfaati uchun himoya qilishda muhim rol oʻynaydi.
2022-yil noyabr oyida FAO global miqyosda OCOP loyihalarini boshladi. Bu tashabbusni mamlakat darajasida amalga oshirishda yetakchilik qiladigan namunaviy mamlakatlarini aniqladi. Ular Malavi (banan), Bangladesh (jekfrut), Oʻzbekiston (gilos), Trinidad va Tobago (kakoa), Misr (xurmo palmasi) kabi mamlakatlar joy oldi. OCOPni amalga oshirish uchun ushbu beshta namoyish mamlakatlari Alohida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqish jarayonida oʻzlarining tajribalari, innovatsiyalari va texnologiyalari bilan oʻrtoqlashadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi gilos qiymat zanjirining barqaror rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash uchun yashil texnologiyalarni ilgari surish boʻyicha keyingi qadamlarni belgilab, OCOPning Oʻzbekistonda joriy etilishini qatʼiy qoʻllab-quvvatladi. Shu munosabat bilan hozirgi kunda Oʻzbekistonda FAOning “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yaxshilash uchun innovatsion yondashuvlar” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Seminarda taʼkidlanganidek, gilos barqaror va inklyuziv oʻsish uchun katta imkoniyatlarga ega. Oʻzbekistonda yiliga oʻrtacha 180 ming tonnagacha gilos yetishtiriladi. Agroekologik sharoitlar butun mamlakat boʻylab kichik fermerlarga kimyoviy moddalardan minimal darajada foydalangan holda gilos yetishtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, gilos koʻp tarmoqli va barqaror dehqonchilik tizimini, shuningdek, agrooʻrmonchilik va oʻrmon yaylovchiligini rivojlantirish imkonini ham beradi.
Seminar dasturi gilos bogʻlariga va anʼanaviy bozorga tashrifni oʻz ichiga olgan boʻlib, bu ishtirokchilarga gilos ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishish, korxonalar imkoniyatlarini baholash, ishlab chiqaruvchilar bilan muloqot qilish va bozor imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilish imkoniyatini beradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring