Toshkentda bank filiali bo'lim boshligʻi 120 ming dollarni qimorga tikib yubordi
Toshkent shahrida 120 ming AQSH dollarini internet tarmoqlaridagi qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinga tikib, talon-toroj qilgan shaxslar fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yashnobod tumani boʻlimi tomonidan tijorat bankining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.
Aniqlanishicha, Yashnobod bank filialida boʻlim boshligʻi vazifasida ishlovchi fuqaro E.N. “A.” MCHJ masʼul shaxslari va boshqalar bilan oʻzaro til biriktirib, “B.B.” MCHJga 120 ming AQSH dollari kredit ajratilishiga erishgan
Keyinchalik soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali kredit mablagʻini naqdlashtirib olib, 120 ming AQSH dollarini internet tarmoqlaridagi qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarga ishlatib, talon-toroj qilganliklari fosh qilingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari boshlab yuborilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring