Toshkentda 2,1 tonna giyohvandlik vositalari yoqib yuborildi
Foto: Bojxona qoʻmitasi
Toshkent shahri Yangihayot tumanida noqonuniy muomaladan musodara qilingan 2 tonna 158,4 kg dan ziyod giyohvandlik vositalari yoqish yoʻli bilan yoʻq qilindi. Bu haqda Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, “26-iyun — Xalqaro giyohvandlik vositalarini suiisteʼmoli va noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish” kuni munosabati bilan tashkil qilingan tadbirda quyidagi tarkibdagi giyohvandlik vositalari yoqib yuborilgan:
- 37,5 kg geroin;
- 184,6 kg opiy;
- 413,8 kg gashish;
- 28,58 gr koʻknor boshogʻi;
- 95,9 kg koʻknor somoni;
- 11,2 kg koʻknor oʻsimligi koʻsaklari;
- 424,7 kg marixuana;
- 961,3 kg kannabis;
- 18,73 gr kannabis moyi;
- 347,85 gr tetragidrokannabinol;
- 6,48 gr kokain hamda turli xildagi psixotrop va psixofaol moddalar, sintetik giyohvandlik vositalari.
Qoʻshimcha qilinishicha, Bojxona organlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 2023-yilda amalga oshirilgan tadbirlar natijasida aniqlangan jami 785 ta holatda 9 tonna 179,4 kg giyohvandlik vositalari, 17 772 dona psixotrop moddalar, 827,3 gr prekursorlar hamda 197 594 dona va 109 kg 170,353 gr kuchli taʼsir qiluvchi moddalar musodara qilingan.



Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring