Toshkent viloyatida oʻzidan “jonli konteyner” sifatida foydalangan yoʻlovchi aniqlandi
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Navoiy” va “Oybek” chegara bojxona postlarida zargarlik buyumlarini yashirincha olib kirishga urinishlar fosh qilindi. Bu haqda Bojxona qoʻmitasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, “Navoiy” chegara bojxona postida piyoda ravishda kirib kelgan fuqarolardan biri inson tana aʼzolarini skanerlovchi qurilma koʻmagida koʻzdan kechirilgan. Natijada u oyoqlarining boldir qismiga 190 gramm ogʻirlikdagi zargarlik buyumlarini bogʻlab olib kirishga uringani fosh boʻlgan.
“Oybek” chegara bojxona postida ham “Body scanner” qurilmasi koʻmagida fosh qilingan holatda yoʻlovchi oʻzidan “jonli konteyner” sifatida foydalanib, ichki aʼzolariga salkam 181 gramm tilla taqinchoqlarni yashirgani aniqlangan.
Ushbu postda aniqlangan yana bir holatda yoʻlovchilardan biri salkam 58 gramm zargarlik buyumlarini bojxona nazoratidan yashirib olib oʻtayotgan vaqtida toʻxtatib qolingan.
Qayd etilishicha, uchala holatda olib qoʻyilgan zargarlik buyumlarining jami qiymati dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 525 mln soʻmni tashkil qilmoqda.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring