Toshkent viloyatida ogʻzini tikib olgan fuqaro 10 sutkaga qamaldi
Foto: Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati
Shu kunlarda Ijtimoiy tarmoqlarda Yangiyoʻlda yashovchi fuqaro oʻzining ogʻiz qismini tikib olib murojaat qilgani, keyinroq uning uy tomiga chiqib olib, oʻzini pastga tashlamoqchi boʻlgani aks etgan video xabarlar keng tarqatildi va muhokamalar markazida boʻldi.
Joriy yilning 21-avgust kuni shu fuqaroning tuman IIB xodimi bilan SUD binosida turganligi suratlari tarqalib, OAV vakillari tomonidan vaziyatga izoh soʻralmoqda.
Maʼlum qilamizki, joriy yil 20-avgust kuni Yangiyoʻl tumani “Xalqobod” MFYda yashovchi 1991-y.t. fuqaro S.T. ust kiyimlarini yechib, xonadon tomiga chiqqan va oʻzini pastga tashlashini aytib, baqirib atrofdagilarni yigʻgan.
Ushbu voqea joyiga yetib borgan hududiy IIB xodimlari fuqaroni tinchlantirish va undan nima maqsadda bu ishni qilayotgani soʻrab, barchasini qonuniy tartibda hal etilishini bildirgan vaqtlarida, fuqaro IIO xodimlari va atrofdagi shaxslarni turli kurakda turmas soʻzlar bilan haqoratlagan.
Baland ovozda soʻkinib, jamiyatda yurish turish qoidalarini qasddan mensimasdan ushbu harakatlarini davom ettirgan.
Holat yuzasidan shu kuni JIB Yangiyoʻl tuman sudida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida fuqaro S.T. Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 183 va 194 moddalarida koʻrsatilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Fuqaro sudda maʼlum qilishicha, oʻzini tomdan tashlashiga sabab, nomaʼlum bir ayol (bloger) kelib unga “shantaj qilib masalangni hal qilib yuribsan-mi?” degan soʻzlari turtki boʻlgan.
Maʼlumot oʻrnida, ushbu shaxs muqaddam jinoyat kodeksining 169 va 105 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlanib, tegishli tartibda chora koʻrilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring