Toshkent viloyati togʻlarida unutib qoldirilgan 4 yoshli bola 6,5 soatda topildi
Videodan kadr
Toshkent viloyati togʻlarida yoʻqolib qolgan 4 yoshli bola Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan topildi, deb xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.
Maʼlum qilinishicha, hodisa kecha, 13-aprel kuni Ohangaron tumani hududidagi togʻlarda sodir boʻlgan. Olti nafardan iborat oila tarkibida 4 yoshli bola ham boʻlgan, ular dam olish uchun yoʻlga chiqqan.
Sayr vaqtida soat taxminan 17:00 larda ular togʻ choʻqqisidagi qorlarni koʻrish maqsadida yuqoriga koʻtarilgan. Aynan shu joyda kattalar bolani unutib qoldirib, dam olishni davom ettirish uchun pastga tushib ketgan. Bolaning yoʻqligi taxminan 40 daqiqadan soʻng maʼlum boʻlgan.
Shundan soʻng, bolaning yaqinlari zudlik bilan FVVning navbatchilik qismiga xabar bergan. Yoʻqolgan bolani qidirish ishlariga Toshkent viloyati FVBB qidiruv-qutqaruv guruhlari, shuningdek “Qamchiq” maxsus qutqaruv boshqarmasi xodimlari darhol jalb etilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari 6,5 soatdan ortiq davom etgan.
Natijada, 14-aprel kuni tungi soat 00:20 da bolakay Olmaliq maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari tomonidan tirik holda topilgan. Qutqaruvchilarning soʻzlariga koʻra, bola ota-onasi uni unutib qoldirgan joydan taxminan 3 kilometr uzoqlikdan topilgan. Topilgan vaqtda bola tizzasigacha qor ichida jim holda turgan boʻlgan.
“Bola yaqinlariga sogʻ-salomat topshirilgan, hozirda u oʻz uyida, ahvoli yaxshi”, deyiladi FVV xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring