Toshkent viloyati SEOM bosh vrachining xodimlar bilan axloqsiz suhbatiga munosabat bildirildi
Rahbarlik – imtiyoz emas, xalqimizga xizmat qilish imkoniyati demakdir!
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi bosh vrachi lavozimida ishlayotgan Baxtiyor Boltaboyevning oʻz xizmat xonasida qoʻl ostidagi xodimlari bilan oʻta qoʻpol va hech qanday axloqiy meʼyorlarga toʻgʻri kelmaydigan tarzdagi suhbati keng muhokama qilinmoqda.
Toshkent viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi, SEOM tizimida mehnat qilayotgan koʻp ming sonli tibbiyot sohasi xodimlari, viloyat jamoatchiligi bu holatdan nihoyatda mutaassir boʻldik.
Mazkur videoyozuvdagi voqelik – rahbar, tibbiyot sohasi vakili uchun sharmandali hol. Har qanaqasiga olganda ham oʻz xodimlariga bunday muomala koʻrsatayotgan rahbarni umuman oqlab, tushunib boʻlmaydi.
Mana shunday voqelik aynan Toshkent viloyatida sodir boʻlgani, oramizda shunday rahbarlarning borligi – barchamizni yana-da hushyor torttirdi. Prezident har bir chiqishida, har bir soʻzida rahbarlarni xalq bilan muloqotda adolatli, halol, madaniyatli boʻlishga daʼvat etib, qatʼiy topshiriq berib turganda, afsuski, viloyat tashkilotida rahbarlik kursisida oʻtirgan kimsa barchamizning bu boradagi umumiy mehnatimizni keng jamoatchilik oldida havoga sovurgandek boʻldi, nazarimda. Qolaversa, pandemiya vaqtida tunu kun ishlayotgan SEOM, keng maʼnoda, tibbiyot sohasi xodimlarini mulzam qildi.
Uzoq yillar davomida tibbiyot sohasi va davlat boshqaruvida masʼul vazifalarda ishlab kelayotgan inson sifatida, bu holatga qanday baho berish, izoh yozishga lolman. Ochigʻini aytganda, faoliyatim davomida bunday yoqimsiz manzaraga ilk marta duch kelyapman.
Ayni damda tizimda fidokorona mehnat qilgan ne-ne zahmatkash ustozlarim, doʻstlarim yodimga tushyapti. Shu maʼnoda, uning bu muomalasi bizning viloyatda ishlayotgan necha-necha qalbi pok, madaniyatli, oliyjanob rahbarlar, tibbiyot fidoyilariga nisbatan ham hurmatsizlikdir.
Hurmatli viloyatimiz tibbiyot xodimlari! Bugungi sinovli kunlarda sizning mehnatlaringizni butun xalqimiz, davlatimiz rahbari, eʼtirof etib, hamjihat bilan qoʻllab-quvvatlab turganda, biz - Toshkent viloyati jamoatchiligi ham bu vaziyatda sizlar bilan hamfikr, yakdil ekanimizni bildiramiz.
Sayyora Fayziyeva,
Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Toshkent viloyati kengashi rahbari,
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati,
Ijtimoiy-madaniy rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiya raisi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring