Toshkent va Bishkek shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi

13:07 07 May 2018 Jamiyat
2291 0
Foto: Dinara Chirkova, "Xalq so`zi".

Keyingi paytda O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilib, o‘zaro hamkorlik rishtalari tobora mustahkamlanmoqda. Buni azaliy do‘st, yaqin qo‘shni, tarixi umumiy, madaniy va diniy qadriyatlari mushtarak bo‘lgan o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining bugungi munosabatlarida yaqqol ko‘rish mumkin. 

Samarali transport yo‘llarini rivojlantirish, sifatli va xavfsiz xizmat ko‘rsatish davlatlarimiz iqtisodiy hamkorligining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Toshkent va Bishkek shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgani ushbu jabhada olib borilayotgan teng manfaatli ishlarning amaliy natijasi bo‘ldi. 

Foto: Dinara Chirkova, "Xalq so`zi".

Mazkur qatnov O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston poytaxtlaridan bab-baravar amalga oshiriladi. Ya’ni Toshkent shahridagi “Toshkent” avtovakzalidan soat 19:00 da, o‘z navbatida, Bishkek shahridagi “Sharqiy” avtovakzalidan soat 22:00 da avtobuslar harakatlana boshlaydi. Mutasaddilarning aytishicha, yo‘lovchilar oqimiga qarab, kelgusida qatnovlar soni ko‘paytiriladi.

— O‘zbekiston va Qirg‘izistonning ikki yirik shahari o‘rtasida ochilgan yangi avtobus yo‘nalishi har tomonlama qulay, — deydi Toshkentdan tashuvlarni amalga oshiruvchi “Mironshox Grand Trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Saidaziz Tasxodjayev. — Chunki u yo‘lovchilarga qo‘shni davlatga tez va oson yetib borish imkonini beradi. Nega deganda, qatnov uchun eng maqbul yo‘nalish tanlangan bo‘lib, uning uzunligi 601 kilometrga teng. Ushbu masofa o‘rtacha 12 soatu 40 daqiqada bosib o‘tiladi. Qolaversa, avtobus chegaradan maxsus yo‘lak orqali o‘tadiki, bu bojxona va chegara nazoratida chog‘ida 30 daqiqadan ko‘p vaqtni olmaydi. 

Aytish joizki, yurtimiz avtotashuvchilari bilan Qirg‘izistonning “Trans Soyuz-Aziya” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzolangan. Unga ko‘ra, qo‘shni davlat hududida avtobuslarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish, haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va boshqa xizmatlar mazkur korxona tomonidan ko‘rsatiladi. 

Dastlabki avtobuslar harakatlanishi oldidan tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi qatnov ochilishi xalqlarimiz o‘rtasida ko‘p asrlar davomida shakllangan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda aloqlarni rivojlantirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar. Zero, bu transport xizmatlari ko‘rsatish borasidagi dastlabki qadam bo‘lib, tashkilotchilarning aytishicha, yaqin vaqt ichida Toshkent va Issiqko‘l o‘rtasida ham avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. 
S. RAHMONOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер