Toshkent tibbiyot akademiyasi va Shimoliy davlat tibbiyot universiteti oʻrtasida hamkorlik oʻrnatildi
Bugun Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Farrux Sharipov Rossiya Federatsiyasining Arxangelsk viloyati hukumati raisi oʻrinbosari Igor Skubenko boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv avvalida mehmonlarga soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda tibbiyot sohasini transformatsiya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik sogʻliqni saqlash sohasida ham izchil rivojlanmoqda. Biroq, ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjud.
Muloqot davomida sheriklik aloqalarini rivojlantirishning istiqbollari muhokama qilinib, tibbiy taʼlim sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan, mamlakatimiz va Arxangelsk viloyatining tibbiyot oliygohlari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.
Yakunda Toshkent tibbiyot akademiyasi va Shimoliy davlat tibbiyot universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring