Toshkent shahrini taʼlim, tibbiyot, biznes va madaniy-koʻngilochar markazga aylantirish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi
Arxiv surat
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yil rejalari muhokama qilindi.
Taʼkidlandiki, Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida yuqori daromadli xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha alohida dastur qabul qilinadi.
Toshkent shahrini taʼlim, tibbiyot, biznes va madaniy-koʻngilochar markazga aylantirish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi.
«Misol uchun, Sergeli tumanida 16 kilometr uzunlikdagi yer usti metrosi atrofida tungi yoritgich, oʻrindiq, sport va boshqa infratuzilma tashkil etish hisobiga savdo va xizmat koʻrsatish sohasida 5 mingta ish oʻrni yaratish boʻyicha taklif bildirilgan. Bunday takliflar menga maʼqul. Yoki, poytaxt tadbirkorlarining shahar hududida sanʼat, rassomchilik, haykaltaroshlik, hunarmandchilik vakillarini keng jalb qilib, yirik “sanʼat koʻchalari”ni yaratish takliflarini ham qoʻllab-quvvatlayman», dedi Prezident.
Bundan tashqari, “Fransiya, Italiya, Turkiyadan restavrator va muzey ishi mutaxassislarini olib kelib, barcha muzeylarni zamonaviy qiyofaga keltirish va «omborda chang bosib yotgan” noyob eksponatlarni namoyishga qoʻyishni» tashkil qilish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring