Toshkent shahrida 5 va 7-8-iyul kunlari 150-yillik maksimal havo harorati rekordlari yangilandi
Toshkent shahrida 5 va 7-8-iyul kunlari oxirgi 150-yillikdagi aynan shu kunda qayd etilgan eng issiq havo harorati rekordlari yangilandi, deb xabar berdi “Oʻzgidromet”
Toshkent shahrida 150-yildan buyon havo harorati qiymatlari muntazam kuzatib kelinadi. Iqlim oʻzgarishi natijasida dunyoda iqlim isishi tezlashdi. Bu kunning tungi paytlarida ham havo haroratining yaqqol koʻtarilib ketishida namoyon boʻlmoqda. Tungi haroratlarning koʻtarilishi havoga koʻp miqdorda is va boshqa iflos gazlarning meʼyordan koʻp chiqarilishida, yaʼni issiqxona effekti jarayonida vujudga kelmoqda. Issiqxona effekti iqlim isishini yuzaga keltirib, sutka davomidagi maksimal va minimal havo harorati qiymatlari orasidagi farqni kamaytirmoqda. Bu esa oʻz navbatida oʻrtacha sutkalik havo harorati qiymatini yuqorilashiga olib kelmoqda.
“Oʻzgidromet” 1-iyul kuni 3-8-iyul kunlari Oʻzbekistonda oʻrtacha sutkalik havo harorati koʻp yillik iqlimiy meʼyordan 5-8 daraja yuqorilashi haqida ogohlantirish xabarini bergandi.
Toshkent shahrida iyul oyi boshlarida kuzatilgan kunlik havo harorati oʻtmishda rekord issiq qiymatlar qayd etilgan aynan oʻsha kundagi kunlik oʻrtacha haroratdan ancha koʻtarilgani qayd etildi. Kunlik maksimum qiymatlar bilan birgalikda sutkalik oʻrtacha havo haroratlari ham yuqorilamoqda.
Masalan, 1881-yil 6-iyul kuni Toshkent shahrida aynan shu kun uchun mutlaq rekord qayd etilgan (+44,1°S). Lekin, oʻshanda oʻrtacha sutkalik havo harorati ancha past qiymatda kuzatilgan (+28,1°S). 2021-yil 6-iyul kuni sutkalik maksimal havo harorati rekord koʻrsatgichdan ancha past (+41,5°S) qayd etilgan boʻlsada, oʻrtacha sutkalik havo harorati 1881-yildagi oʻrtacha sutkalik havo harorati qiymatidan qariyb 5,5 darajaga yuqori kuzatilgan.

Joriy 2021-yilning oʻtgan iyun oyida respublika hududlarida oʻrtacha oylik havo harorati koʻp yillik iqlimiy meʼyordan 1-3 daraja yuqori boʻlgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring