Toshkent shahri va viloyatidagi davlat tashkilotlarida 5 yil uzluksiz ishlagan xodimlarga propiska beriladi
Bundan buyon Toshkent shahri va viloyatidagi davlat tashkilotlarida 5 yil uzluksiz ishlagan mutaxassislar mazkur hududlarda doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-aprel kuni imzolagan farmonda shunday belgilangan.
Manbaga koʻra, fuqaro poytaxtda yoki Toshkent viloyatidagi umumtaʼlim maktabida oʻqituvchilik qilsa, maktab direktorining; poliklinikada ishlasa, poliklinika mudirining maʼlumotnomasi bilan propiskaga kirishi mumkin.
Bunda asosiy shart shuki, fuqaro bitta tashkilotda ishlagan davri besh yildan kam boʻlmasligi kerak.
Bundan tashqari, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida uy-joy sotib olmagan fuqarolar notariusga ishi tushganda, notarial xatti-harakatlarni amalga oshirish vaqtida notariuslarning ulardan propiska talab qilishi bekor qilinadi.
Shu bilan birga, ilgari Toshkent shahri va viloyatida doimiy roʻyxatga ega boʻlgan fuqarolar qaytib kelganda, ular ushbu hududlarda hech qanday qoʻshimcha shartlarsiz qayta doimiy roʻyxatga olinishi mumkin boʻladi.
Farmon bilan Vazirlar Mahkamasiga bir hafta muddatda tegishli qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etish belgilangan.
Bundan oldin, mazkur farmon bilan Toshkentdan uy olish uchun propiska soʻralmasligi, ishdan boʻshagan xodimning propiskasi “kuymasligi” belgilangani haqida xabar berilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring