Toshkent Xalqaro marafonida yuksak matonat koʻrsatgan yurtdoshlarimiz ragʻbatlantirildi
Xabaringiz bor, joriy yilning 28-mart kuni poytaxtimizda anʼanaviy III Toshkent Xalqaro marafoni oʻtkazildi.
Dunyoda “COVID-19” virusining keng tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan pandemik sharoitdan kelib chiqib, marafon karantin qoidalariga rioya qilingan holda tashkil etildi.
Musobaqada ishtirokchilar marafon (42,195 km), yarim marafon (21,0975 km), ekiden (5 km+10 km+5 km+10 km+5 km+7,195 km) hamda 3 km masofaga oʻtkazilgan poygalarda oʻz omadlarini sinab koʻrishdi.

Marafonda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Rossiya Federatsiyasi hamda mamlakatimizdan jami 76 nafar professional va havaskor sportchi oʻz omadini sinab koʻrgan boʻlsa, yarim marafonda ishtirokchilar soni 529 nafarni tashkil qildi. 3 km masofaga oʻtkazilgan yugurish va yurish musobaqasida esa 779 nafar ishtirokchi startga chiqdi.
Bundan tashqari, ilk bora tashkil etilgan ekiden bahslarida turli vazirliklar, idoralar, korxona-tashkilotlar hamda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik vakolatxonalardan jami 64ta jamoa (har bir jamoa tarkibi 6 nafar sportchidan iborat) qatnashdi. Marafonning umumiy ishtirokchilari soni qariyb 1 800 nafarga yetdi va bu Toshkent Xalqaro marafoni tarixida rekord koʻrsatkichdir.

Eʼtiborlisi, marafonda professional va sogʻlom sportchilar bilan bir qatorda jismoniy imkoniyati cheklanganlar ham faol ishtirok etishdiki, bu chindan ham tahsinga loyiq. Eʼtirof etish joiz, ular nafaqat III Toshkent Xalqaro marafonida qatnashdi, balki belgilangan marrani matonat bilan bosib oʻtishdi.
Ayniqsa, marafon bahslarida asli muhandis boʻlgan Fidan Yakupovning 42 km 195 metr masofani 4 soat 21 daqiqa 54 soniya ichida 45-boʻlib bosib oʻtganligiga qoyil qolmaslikning iloji yoʻq. III Toshkent Xalqaro marafoni ishtirokchilari orasida jismoniy imkoniyati cheklanganlardan Fidan yolgʻiz emasdi.
Xususan, Shuhrat Toshpoʻlatov, Daniil Bronskiy, Sergey Uchayev kabi matonatli sportchilar musobaqada matonat koʻrsatib, muxlis va mutaxassislar eʼtirofiga sazovor boʻldi. Bugun ushbu havaskor sportchilar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi Kotibi, Oʻzbekiston triatlon federatsiyasining raisi Viktor Maxmudov tomonidan taqdirlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring