Toshkent davlat yuridik universitetida "Ombudsman klubi”iga aʼzo boʻlish istagida boʻlgan talabalar bilan uchrashuv oʻtkazildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va Toshkent davlat yuridik universiteti oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida talabalar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi.
Mazkur uchrashuv “Ombudsman klubi”ga aʼzo boʻlish istagida boʻlgan talabalarni Ombudsman faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova talabalarga Ombudsman institutining asosiy faoliyat yoʻnalishlari bilan tanishtirdi.
Uchrashuv davomida yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish, talabalarning nazariy va amaliy tayyorgarligi oʻrtasida oʻzaro aloqani taʼminlash, ularda amaliy ishda zarur boʻlgan koʻnikmalarni shakllantirish, TDYUU talabalarini Ombudsman faoliyatiga keng jalb etish boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama etildi.
Ombudsman soʻzlariga koʻra, 2 yil davomida “Ombudsman klubi”ga aʼzo boʻlish istagida 120 dan ortiq arizalar kelib tushgan. Suhbat asosida talabalardan 40 nafari tanlab olinib, ular universitetda olgan nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlashgan. Yil yakunida eng faol ishlagan klub aʼzolarini faxriy yorliqlar bilan taqdirlash amaliyoti ham joriy etilgan. Hattoki, joriy yilda ushbu klub aʼzosi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga ishga qabul qilingan.
Tadbirda taʼkidlanishicha, “Ombudsman klubi” aʼzolari darsdan soʻng Ombudsman instituti mutaxassislariga biriktirilgan holda murojaatlar bilan ishlash, qabullarda ishtirok etish, jazoni ijro etish muassasalariga oʻtkaziladigan monitoring tashriflarini kuzatish kabi yoʻnalishlarda oʻz koʻnikmalarini oshirishlari mumkin.
Davra suhbati savol-javoblarga boy tarzda, erkin muloqot shaklida oʻtkazildi. Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdi. Ushbu davra suhbati orqali ishtirokchilar Ombudsmanning vakolatlari va unga kelib tushayotgan murojaatlar, inson huquqlarining kafolatlanishi borasidagi xalqaro va milliy tajriba haqida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻlishdi.
Shuningdek, talabalar 2022-yildan doimiy asosda ish boshlagan Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari faoliyatini oʻrganish maqsadida ular rahbarligida amaliyot oʻtash boʻyicha ham taklif bildirishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring