Toshkent-Andijon pullik avtomobil yoʻlini qurish uchun qancha mablagʻ sarflanishi ochiqlandi
Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi masʼul xodimi Farrux Gʻafforov ishtirokida brifing oʻtkazildi. Unda pullik trassalarga oid maʼlumotlar berildi.
Toshkent-Andijon pullik avtomobil yoʻlini qurish boʻyicha dastlabki texnik-iqtisodiy asoslar (DTIA) Jahon banki konsultantlari tomonidan ishlab chiqildi va 2020-yilda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishildi.
Loyiha boʻyicha “Investitsiyadan oldingi tadqiqot” (Pre-investment study) ni oʻtkazish boʻyicha konsultantni aniqlash ishlari boshlanish arafasida. Bir yildan koʻproq muddat davomida oʻrganish ishlari oʻtkazilgandan soʻng, xalqaro tender eʼlon qilinadi. Shuningdek, oʻrganish ishlari davomida aholidan mazkur loyihaga va yoʻldan foydalanish uchun toʻlovga munosabati soʻrovnoma orqali aniqlanadi.
Loyihalar boʻyicha hali qurilish ishlari boshlanmagan. Ikki bosqichli ochiq va shaffof tender asosida tanlangan xalqaro investor bilan DXSH toʻgʻrisidagi bitim imzolangandan keyin qurilish ishlari boshlanadi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyiha umumiy qiymati 2 mlrd. AQSH dollaridan oshadi. 340 km. lik yoʻl uchun umumiy qurilish davri qurilish ketma-ketligiga koʻra 5-10 yilni tashkil etishi mumkin.
Jahon bankining dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yoʻldan foydalanish narxlari yengil avtomobil va yengil yuk mashinalar uchun taxminiy narx 5 va 7 AQSH dollari, yuk mashinalari va avtobuslar uchun 15 AQSH dollari etib koʻrsatilgan.
DSHX toʻgʻrisidagi bitim taxminan 40 yil muddatga tuzilishi koʻzda tutilgan. Ushbu loyiha boʻyicha Prezident qarori qabul qilinishi koʻzda tutilgan boʻlib, mazkur qarorda yoʻldan foydalanuvchilar uchun narxlar oʻzgarishi yoki toʻlovning maʼlum qismi subsidiya hisobiga qoplanishi yoxud yoʻlning bepul boʻlishi va imtiyozga ega boʻlgan foydalanuvchilar roʻyxati shakllantirilishi masalalariga aniqlik kiritiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring