Toʻrt hududda 830 mln soʻmlik tabiiy gaz talon-toroj qilindi
Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Bildirilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tumani boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan. Unda fuqaro Yu.T. “Beruniy” MFY hududidagi novvoyxonada tabiiy gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib olgani aniqlangan. Mazkur qonunbuzilish holati oqibatida 253,3 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi maʼlum boʻlgan.
Shu kabi yana bir holat, Departamentning Buxoro shahri boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan. Unga koʻra, “A.P.” oilaviy korxonasi rahbari B.U. “Joʻbor” MFY hududidagi fermasida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmogʻiga devor orasidan plastik quvur orqali yashirincha ulanib, 218,1 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani fosh boʻlgan.
Shuningdek, Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qoʻshkoʻpir tumani yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi masʼul shaxslari umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib 182,9 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlangan.
Bundan tashqari, Departamentning Ohangaron shahri boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ham “M.X.” MCHJ rahbari T.K. MCHJ mehmonxonasida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmogʻiga tijorat maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib olgani maʼlum boʻlgan. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, mazkur qonunbuzarlik oqibatida 176 mln soʻmlik zarar yetkazilgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring