Toʻraqoʻrgʻonda “Adolat sayli”

11:10 16 Oktyabr 2019 Jamiyat
1417 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga oʻtkaziladigan saylovlarga tayyorgarlik tobora qizgʻin tus olmoqda. “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ham joylarda oʻz gʻoyalari va dasturlarini keng jamoatchilikka yetkazishni aholining boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan qator tadbirlar bilan bogʻlab olib borayotir. Jumladan, poytaxt Toshkentda boshlangan “Adolat sayli” viloyatlar hududiga ham koʻchdi. Yaqinda Toʻraqoʻrgʻon tumani markazidagi amfiteatr keng jamoatchilik vakillari, oqsoqollar va yoshlar, xotin-qizlar, mahalla faollari bilan gavjum boʻldi. Bu yerda Oʻzbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi va partiya viloyat Kengashi tashabbusi bilan saylovoldi tadbiri tashkil etildi.

Dasturiy gʻoya va maqsadlarni omma orasida keng targʻib qilishga bagʻishlangan madaniy-maʼrifiy tadbirda jamiyat hayotidagi boshqa dolzarb masalalar qatori sud-huquq sohasida yillar davomida yigʻilib qolgan muammolar xususida soʻz bordi, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud-huquq tizimini isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishini amalga oshirishda partiya oldida turgan vazifalarga eʼtibor qaratildi.

– Men jurnalist sifatida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan voqealarni muntazam kuzatib boraman. Hozirgi kunda saylovlar masalasi ommaviy axborot vositalari eng koʻp murojaat qilayotgan mavzulardan biriga aylangan. Siyosiy partiyalar faolligi esa kun sayin kuchaymoqda. Bugungi tadbirda ham ishtirokchilar “Adolat” SDP olib borayotgan siyosat, saylovoldi dasturidagi eng muhim vazifalardan xabardor boʻldilar, - deydi tuman “Davr” gazetasi masʼul kotibi Mirmuhsin Mirzokirov.

Aksiya davomida partiya faoliyatiga oid lavhalar, gʻoyaviy chiqishlar, “Yosh adolatchi” va “Ayollar qanoti” vakillarining soʻzlari ham ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Ommaviy sayil shaklida davom etgan tadbir qatnashchilari badiiy jamoalarning chiqishlaridan zavq oldilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV.
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер