Toʻra Bobolov: Boysunning eski “Tuzbozor”i buzilmaydi, zamonaviy “Eko bozor”ga aylantiriladi
Kecha Sirdaryo viloyatining toshqindan zarar koʻrgan aholi punktlaridagi Surxondaryoga biriktirilgan 120 ta uy-joyni tiklash va taʼmirlash ishlarini tashkillashtirib qaytgan viloyat hokimi Toʻra Bobolov bugun Boysun tumaniga bordi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 12-may kuni Boysun tumanining A.Navoiy nomli koʻchasiga kelib turgan buldozer bu yerdagi ayrim fuqarolar tomonidan eski bozorni buzish uchun keltirilgan, deb notoʻgʻri talqin qilinishi ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab boʻlgandi.
Viloyat hokimi dastlab tumanning “Mustaqillik” mahallasi hududida yangi barpo etilgan “Dehqon (oziq-ovqat) bozori”da boʻlib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, sotuvchi va xaridorlar bilan suhbatlashdi.
Fuqarolar avvalgi sharoitidan hozirgisi tubdan yaxshi ekanligi, yangi savdo majmuasida zamonaviy talablarga muvofiq savdo xizmati koʻrsatish uchun barcha qulayliklar mavjudligini taʼkidlashdi. Oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga viloyat hokimidan javob olishdi.
– Kimning qanday yashayotganini bilmoqchi boʻlsang, uning bozorini borib koʻr, deb xalqimiz bejizga aytmagan, – dedi Toʻra Bobolov. – “Tuzbozor” mahallasida joylashgan bozor ancha eskirdi. U yerdagi holatlar tamaddunlar beshigi sifatida eʼtirof etiladigan Boysunga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlarda ham ajablanish hissini uygʻotardi. Bugungi zamon barchamizdan yangicha qarash va yangicha ish tutishni talab etmoqda. Shuning uchun aholiga xizmat koʻrsatish darajasini oshirish va savdo qilish sharoitlarini yaxshilash maqsadida bu yerda zamonaviy savdo kompleksi qurildi.
“Eski “Tuzbozor” ham buzilmaydi. Aksincha, rekonstruksiya qilinib “Eko bozor”ga aylantiriladi. Bu aholiga keng qulayliklar yaratish bilan birga, savdo xizmati koʻrsatish sifatini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi. “Eko bozor” bitgach, xohlovchilar u yerda savdo-sotiq ishlarini bemalol davom ettirishlari mumkin ”, – dedi viloyat hokimi.
Shundan soʻng Toʻra Bobolov eski bozorni ham borib koʻrdi. Masʼullar tasdiqlangan bosh reja asosida hududning shaharsozlik qiyofasini shakllantiruvchi koʻp qavatli zamonaviy uy-joylar, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, madaniyat, sanʼat va dam olish obyektlarini qurish va taʼmirlash, yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya tuzilmalarini yaxshilash bilan bogʻliq rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida viloyat hokimiga axborot berdilar.
Viloyat hokimi bozordagi haminqadar rastalar, tor, ayniqsa, yomgʻirli kunlarda suv va loy boʻlishi sotuvchi va xaridorlarga qiyinchiliklar tugʻdirgan yoʻlaklarni koʻrib, “Tuzbozor” oʻrnida faoliyatini zamonaviy asosda yoʻlga qoʻyish imkonini beradigan yangi tipdagi bozor loyihasini jadallashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini shakllantirish, sotuvchi va xaridorlar uchun qulayliklar yaratishga alohida eʼtibor qaratish yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring