Toʻqson kun oʻtib, daromad hamyonda
Foto: “Xalq soʻzi”
Toʻqsonbosti — erta koʻklam, ilikuzdi kezlarida aholi dasturxonini sabzavot va servitamin koʻkatlar bilan toʻldirish, pirovard natijada bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlashning muhim omili.
Navoiy viloyatida 2024-yil hosili uchun dehqon, tomorqa egalari va fermer xoʻjaliklar tomonidan yerlarni tayyorlash, sifatli urugʻliklarni tanlash va ekish muddatini kechiktirmaslik boʻyicha choralar belgilanib, muntazam nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
— Toʻqsonbosti usulida avgust-sentabr oylarida 2,9 ming gektar yerga piyoz va sarimsoqpiyoz, noyabr-dekabr oylarida esa 17,2 ming gektar yerga sabzavot ekinlari ekish koʻzda tutilib, tumanlarda shtablar ham tashkil qilingan edi, — deydi qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligining viloyat boʻlimi bosh mutaxassisi Siroj Salimov. — Shu kunga qadar barcha toifa xoʻjaliklarda 2,9 ming gektar yerga piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlari ekilishi taʼminlandi. Agentligimiz tomonidan Respublika Prezidentining 2022-yil 6-oktyabrdagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan, viloyatimizdagi 19 ta fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalari hamda dehqon xoʻjaliklariga 3 milliard 127 million soʻmlik urugʻ, mineral oʻgʻitlar, yoqilgʻi va boshqa xarajatlar uchun tijorat banklaridan kredit ajratish boʻyicha tavsiyanomalar berildi.
Viloyatning Xatirchi tumanida toʻqsonbosti usulining hadisi va daromadini olgan fermerlar safi yil sayin kengaymoqda.
— Toʻqsonbosti moʻmay pul, — deydi tumanda faoliyat olib borayotgan “Muhammad Malik” fermer xoʻjaligi raisi Qahramon Jamilov. — 8 gektar bogʻ maydonimiz bor, shundan 5 gektar bogʻ qator oralariga toʻqsonbosti ekinlar ekdik. 3 gektar yerga ismaloq, 2 gektariga piyoz urugʻlarini qadadik. Agentlik tomonidan shartnoma asosida 20 kilogramm piyoz urugʻi yetkazib berildi. Erta bahordayoq hosilning pulini olamiz. Qoʻlingda naqd puling boʻlsa, hosiling baravj boʻlarkan.
Bu yil esa yana 30 sotix maydonga qulupnay ekyapmiz. Sedana ham ekkanmiz. Dorivor oʻsimlik ekib, xaridorini topib, eksport ham qilamiz.
Taʼkidlash joiz, toʻqsonbosti fermer va dehqonga kutilmagan daromad keltirishi bilan birga bozorlarimizda narx-navo barqarorligini taʼminlovchi muhim manbadir. Aslida nomi toʻqsonbosti boʻlgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda ushbu usulning omilkorligi shundaki, vaqtida ekib, yogʻin-sochinli kunlarga qoldirmay undirib olish zarur. Shunda u toʻqson kunda daromad keltiradi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring