Tomorqa – kimga zahmat, kimga daromad
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Oʻn besh sotixli issiqxonadan bir yilda oʻrtacha qancha daromad olish mumkin? Bu tomorqachining ish koʻzini bilishiga bogʻliq, albatta. Mana, Peshku tumanidagi Ibn Sino mahallasida yashovchi Mustaqim Toshev xonadonini olib koʻring.
— Biz yozning boshida hosildan boʻshagan yerni chuqur shudgor qilamiz, — deydi oila aʼzosi Mirxon Muzaffarov. — Soʻng mineral va mahalliy oʻgʻit bilan toʻyintirib sugʻoramiz. Yer bir muddat dam oladi. Kuch yigʻadi. Avgustdan ekin-tikin ishlarini boshlaymiz. Daromadga kelsak, shu oʻn besh sotix yerdan bir yilda 400 million soʻm atrofida foyda koʻryapmiz.
Oilaning issiqxonasini konveyerga qiyoslash mumkin. Yer u yoki bu ekindan boʻshagan zahoti boshqasi unib hosilga kira boshlaydi. Karam, bodring, pomidor, baqlajon, ismaloq, sarimsoqpiyoz, kashnich, rediskani bozorga chiqarishning hojati yoʻq. Ularni issiqxonaning oʻzidan koʻtarasiga olib ketishadi. 7 ta ishchi oʻrni yaratilgan. Mavsum avj pallaga kirgan kezlarda qoʻshni tumanlardan ishchi ham yollashadi. Bu yerda koʻchatchilik hadisini ham olishgan. Pomidorning serhosil va ertangi navlari koʻchati yetishtiriladi. Boisi shundaki, uning bozori chaqqon.
Sirasini aytganda, Mustaqim akaning uy-joyini ilk bor koʻrgan kishi “Shu fayzli xonadon chindan ham oddiy bir dehqonning hovlisimi”, degan oʻyga borishi tayin. Lekin bu xonadon tajribasi koʻrsatayaptiki, qishloqda tomorqaning qadriga yetgan kishi yaxshi yashaydi. Yashaganida ham orzu-havaslariga yetib umrguzaronlik qiladi.
— Hududimizda 1361 ta oila mavjud, — deydi mahalla raisi Uygʻun Imomov. — Shularning salkam mingtasida issiqxona bor. Aksariyatining teplitsasi uch qavatli polietilen plyonka bilan qoplangan. Bu issiqlikni zarur darajada saqlash imkonini beradi. Fuqarolarimizga kelsak, ular huzurimizga moddiy yordam emas, yer soʻrab kelishadi. Chunki hamma tomorqachining pichogʻi moy ustida ekanligini koʻrib turibdi.
Bir paytlar Peshku oʻzining shirindan shakar qovunlari bilan dong taratgan. Qoʻshni Vobkent, Gʻijduvon, Shofirkon dehqon bozorlarida uni juda qadrlashgan. Xalq tilida “Zandane qovuni” deb atalgan, vazni 3-4 kilo atrofida boʻlgan, tilimi tilni yorgan bu neʼmat olis yurtlarda ham xaridorgir sanalgan. Afsuski, iqlim oʻzgarishi, seleksiya ishlariga eʼtiborning sustligi Peshku qovunchiligi shuhratiga soya soldi.
Lekin oqqan daryo oqmay qolmaydi. Mahallada yashovchi Shuhrat Farmonovga shu qovun shuhratini qayta tiklash orzusi tinchlik bermadi. U hovlisidagi 12 sotixli issiqxonada pomidor, bodring, baqlajon qatorida qovun koʻchati parvarishini yoʻlga qoʻydi. Bu tumanda ertangi qovun yetishtirish imkoniyatini beryapti. Tomorqachining aytishicha, koʻchat soni 500 ming tupdan kam emas. Kunlar ilishi bilan buyurtmachilar uni xarid qilib, ochiq maydonlarga oʻtqazishadi.
— Mahsulotni yetishtirishdan tashqari uni uzoq muddatda sifatli asrash ham muhim sanaladi, — deydi mahalla raisi. — Bu bozordagi narx-navoni moʻtadil saqlashga imkon yaratadi. Hududimizda bu borada ham aytsa arzigulik ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, mahalladoshimiz Azizbek Tursunov ikki kamerali, bir paytning oʻzida 80 tonna mahsulotni saqlash quvvatiga ega muzlatgich omborxona qurib ishga tushirdi. Bu yerda olma, uzum, limon kabi mahsulotlar zaxirasi yaratilgan.
Mahalladan qaytarkanmiz, torgina qishloq yoʻli yoqasidagi limonariydan chiqib kelayotgan bir ayolni suhbatga tortdik.
— Uyga shoshayapman, — deydi u oʻzini Shahlo Rajabovaman, deya tanishtirarkan. — Hovlimizda ixchamgina issiqxonamiz bor. Pomidor koʻchati yetishtiryapmiz. Xaridorning oʻzi uyimizga kelib olib ketyapti. Shukr, turmushimdan nolimayman. Farzandlarimni oʻqitib, orzu-havaslarimga yetyapman. Birovdan kam joyimiz yoʻq. Yurakdan aytilgan bu soʻzlarga izohning hojati yoʻq, albatta.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring