“Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonundan yer uchastkasi maydoniga qoʻyilgan talablar chiqarib tashlanmoqda — Qonun loyihasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Prezidentimizning 2022-yil 30-avgustdagi tegishli qarori ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan Soliq kodeksi hamda “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, Soliq kodeksining 408-moddasiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga asosan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha kamaytirilishi belgilanmoqda. Lekin savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar uchun amaldagi tartib saqlab qolinadi.
Shu bilan birga, “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunning 11-moddasi ikkinchi qismiga kiritilayotgan oʻzgartishga koʻra chorvachilik (qoramol, qoʻy, echki, ot va boshqalar), issiqxona, parrandachilik (bedana, kurka, gʻoz, oʻrdak), quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bogʻdorchilik, limonchilik, gulchilik faoliyat turlari bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga ularga tegishli boʻlgan tomorqa yer uchastkasi maydoni yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qatʼiy nazar ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliqni toʻlashga ruxsat etilishi belgilanyapti.
Shu sababli “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonundan yer uchastkasi maydoniga qoʻyilgan talablar chiqarib tashlanmoqda.
Deputatlarning aytishicha, ushbu qonun loyihasi tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatida boʻlgan jismoniy shaxslar hamda shaxsiy tomorqa yer uchastkasida oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarning ijtimoiy soliq toʻlovlari va ularning mehnat stajining hisoblashda yanada qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.
Eʼtiborlisi, norasmiy bandlik ulushini qisqartirishga, rasmiy sektordagi bandlar ulushini oshishiga hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirishga zamin yaratadi.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Loyihani yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish boʻyicha koʻplab asosli takliflar ilgari surildi.
Qizgʻin kechgan bahs-munozaralardan soʻng, qonun loyihasining bugungi kundagi ahamiyati va zarurati eʼtiborga olinib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring