Qoʻrgʻonda yangi DXM ochildi. Endi odamlar 250 km.lab yoʻl bosmaydi
Arzimagan davlat xizmatiga ehtiyoj sezgan tomdilik ikki kunini yoʻlga sarflaydi. Biz viloyat markazidan 260 kilometr olislikdagi Tomdibuloq qoʻrgʻonini nazarda tutmoqdamiz. Tumanning Taspen, Tasquduq va Moldiman kabi ovul va qishloqlariga borish uchun esa yana 100-250 kilometr yoʻl bosish kerak. Albatta, mazkur hududlarda istiqomat qilayotgan kishilarning ham oʻz tashvish va quvonchlari bor. Binobarin, ular ham DXA koʻrsatayotgan 150dan ortiq xizmatlaridan foydalanishni tez-tez istab turishadi.
— Faqatgina oʻtgan yilning oʻzida Tomdi tumanidagi olis ovullarga mobil xizmat uyushtirilib, 3000 nafardan ortiq fuqaroning mushkuli oson, uzogʻi yaqin boʻldi, — deydi DXA Navoiy viloyati boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Nodira Samandarova. — Biroq biz hali hudud aholisining davlat xizmatlariga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qoplab oldik deya olmaymiz.
Tuman aholisiga xizmat sifatini yaxshilash, turlarini oshirish maqsadida Tomdibuloq qoʻrgʻonida davlat xizmatlari markazining yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Taʼkidlash joiz, mazkur inshoot viloyatda Davlat xizmatlari markazlari ixtiyoriga topshirilgan sakkizinchi bino. Tabiiyki, ilgarigilarida nazardan chetda qolgan qulayliklar mazkur markazda inobatga olinib, meʼmoriy yechimda ham oʻz koʻrkamligi bilan alohida ajralib turadigan loyiha tanlangan. Toʻgʻri, ushbu markazda ham biz koʻnikib qolgan resepshn, kutish zali, qabul oynalari, toʻlov kassasi, kafeteriy, tibbiyot xonasi, bolalar maydonchasi mavjud. Biroq eski bino bilan solishtirgan tomdiliklar nigohida yangilik davlat xalqqa xizmat qilishi kerak, degan tamoyilning chinakam dalilidir.
Markaz binosining ikkinchi qavatida Tomdi tumani adliya va FHDYO boʻlimi, notarius, Xalq hamda Bosh vazir qabulxonalari joylashgan.
Markaz yangi binosining ochilish marosimida Yerdavlet Aldanazarov va Guljazira Salomovalarning nikohi qayd etilib, yangi oilaga nikoh guvohnomasi topshirildi.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring