“Tomchi” — suv tejashda yordamchi ilova ishlab chiqildi
Foto: Screenshot / “Xalq so‘zi”
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Axborot-resurs markazi tomonidan “Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi” doirasida “Tomchi” mobil ilovasi ishlab chiqildi. Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan begʻaraz moliyalashtirilgan mazkur ilova qulayligi bilan ajralib turadi. Jumladan, u fermerlar, suv xoʻjaligi tashkilotlari xodimlari va boshqa suv isteʼmolchilari, shuningdek, sugʻorishda suv tejamkorligi texnologiyasi ishlab chiqaruvchi hamda oʻrnatuvchi tadbirkorlar uchun moʻljallangan. Ilovadan qishloq va suv xoʻjaligi tarmoqlarida ishlayotgan mutaxassislar, tarmoq oliy oʻquv yurtlarining talabalari va professor-oʻqituvchilari, suv resurslarini boshqarish masalalariga bevosita aloqador boʻlgan keng jamoatchilik foydalanishi mumkin.
Ilova sugʻorishda tejamkorlik usullari haqidagi axborotlarga tezkorlik bilan ega boʻlish, ularning afzalliklarini tushuntirish hamda suv tejamkorligi texnologiyasini joriy etishning taxminiy bahosini hisoblash imkonini beradi. Shu maʼnoda, uni ishlab chiqaruvchi va isteʼmolchilar oʻrtasidagi yagona axborot maydoni, desak, boʻladi.
Shu bilan birga, ilova ixcham va qulayligi, taʼsir doirasi kengligi, shaffofligi va soddaligi bilan ham diqqatga sazovor. Masalan, u tejamkor texnologiya bahosini hisoblovchi kalkulyatorga ega boʻlib, tomchilatib, yomgʻirlatib, koʻchma egiluvchan quvurlar orqali sugʻorish va boshqa texnologiyalar samaradorligini hisoblab beradi.
Bundan tashqari, unda video va fotogalereya, mavzu boʻyicha kitob va Oʻzbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Tomchilatib sugʻorish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sugʻorish texnologiyalarini joriy etish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomi va boshqa asosiy meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, yaʼni foydali elektron resurslar mavjud.
Mobil ilova Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining Axborot-tahlil va rusurs markazi portaliga ulanadi. Unda suvni tejash texnologiyasi haqidagi mukammal axborotlar, shuningdek, suv resurslarini boshqarishning barcha yoʻnalishlari boʻyicha maʼlumotlar joylashtiriladi.
Dilshod ULUGʻMURODOV.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring