Tokioda Oʻzbekistonda yashagan yapon olimi Kyudzo Katoga bagʻishlangan koʻrgazma ochildi

18:46 16 Dekabr 2019 Madaniyat
1803 0

Joriy yilning 16-17-dekabr kunlari Yaponiyada “Oʻzbekiston va Yaponiya – Buyuk Ipak yoʻlida“ xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda.

Tadbir Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, tadqiq etish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish Davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan bir qator davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar koʻmagida tashkil etildi.

Anjuman doirasida, Tokio shahrida umrining katta qismini Oʻzbekiston hududidagi arxeologik tadqiqotlarga baxsh etgan yaponiyalik olim Kyudzo Kato hayoti va faoliyatiga haqidagi koʻrgazma ochildi. Unda olimning hayot yoʻlini aks ettiruvchi fotosuratlar, hujjatlar, ilmiy asarlar, shaxsiy buyumlar namoyish qilinmoqda.

Taniqli olim Kyudzo Kato yurtimiz tarixi, madaniyati haqida qator asarlar yozgan, oʻzbek olimlarining kitoblarini yapon tiliga tarjima qilgan edi. Yurtimiz tarixi va madaniyatini tadqiq etishga qoʻshgan hissasi uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan, Termiz shahrining faxriy fuqarosi unvoniga sazovor boʻlgan edi. U 2016-yil sentyabr oyida 94 yoshda Surxondaryo viloyatida arxeologik tadqiqotlarni davom ettirayotgan paytda hayot bilan vidolashgan. Yapon arxeologi, antropolog, tarixchi va etnograf, Yaponiya milliy etnologik muzeyi faxriy professori Kyudzo Kato nomini oʻzbekistonlik ziyolilar hamisha ehtirom va gʻurur bilan tilga olishadi. Bugun Termiz shahrida Kato nomi bilan ataladigan koʻcha va maktab bor.

- Kelgusi yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekistonda Kato muzeyi va yodgorlik majmuasi barpo etiladi, - dedi koʻrgazmaning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi, akademik Akmal Saidov.

Koʻrgazmaning ochilishida tadqiqotchi Kyudzo Kato haqidagi “Oʻzbekiston yapon olimi qalbida“ kitobi taqdim etildi.

Tadbirda ikki oʻlkaning davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olim va tadqiqotchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari, marhumning yaqinlari ishtirok etishdi.

- Turmush oʻrtogʻimning hayoti va faoliyatiga koʻrsatilgan yuksak eʼtibor uchun Oʻzbekiston hukumatidan, tashkilotchilardan behad minnatdorman, - dedi marhum olimning bevasi Sadako Kato. – U oʻziga berilgan umrni munosib tarzda yashab oʻtdi va ikki xalqning madaniy aloqalarini mustahkamlashga katta hissa qoʻshdi. Bugun uning ishini koʻplab izdoshlari davom ettirayotganidan mamnunman.

Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, tadqiq etish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov Kato xonimga yaqinda davlatimiz rahbari tabrik soʻzi bilan chop etilgan “Markaziy Osiyo madaniy merosi Yaponiya toʻplamlarida” kitob-albomining bir nusxasini tuhfa qildi.

- Bunday ajoyib tadbir tashkilotchilariga oʻz tashakkurimni bildiraman, - dedi Tokio Falsafa institutida tadqiqotchi Kavasaki Kenzo. – Oʻylaymanki, bunday uchrashuvlar dunyo olimlarining oʻzaro aloqalarini mustahkamlash uchun juda muhimdir. Bizning mamlakatlarimizni inson qoʻli bilan yaratilgan tarix rishtalari bogʻlab turadi. Ustozim Kyudzo Kato ham ana shu shonli tarixning bir boʻlagi ekanidan faxrlanaman.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 17-20-dekabr kunlari Yaponiyaga rasmiy tashrifi arafasida bir qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar va koʻrgazmalar, taqdimot marosimlari oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер